Ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka”larda navbatning uzayib borayotgani, bir qator “zapravka”lar yopiqligi, mazkur vaziyatga narxlar oshishi sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati holatga munosabat bildirarkan, tabiiy gaz belgilangan talabga asosan yetkazib berilayotganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, barcha metan “zapravka”larga avgust oyi uchun ham ularning talablariga asosan belgilangan limitga ko‘ra, tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.

“Qaysidir metan “zapravka” o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, avval ta’kidlaganimizdek, metan “zapravka”larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo‘q”, — deyiladi xabarda.

Vazirlik, shuningdek, aholi va boshqa toifadagi iste’molchilar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantirilishini eslatib o‘tdi.

“Zapravka”larda gaz narxining asossiz oshirilishi holatlariga guvoh bo‘lingan taqdirda, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish so‘raldi.