Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tver viloyatida bortida 10 kishi bo‘lgan Embraer Legasy samolyoti halokatida halok bo‘lgan “Vagner” XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi:

“Barcha qurbonlarning oilalariga samimiy hamdardlik bildirmoqchiman, bu abadiy fojia”, — dedi u.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda “Vagner” XHK xodimlari bo‘lgan, dedi Putin. Agar shunday bo‘lsa, “bular Ukrainadagi neonatsistlar rejimiga qarshi kurash bo‘yicha umumiy ishimizga katta hissa qo‘shgan odamlar”, “biz buni eslaymiz, bilamiz va unutmaymiz”, dedi u.

“Men Prigojinni juda uzoq vaqtdan beri, 90-yillarning boshidan beri bilaman. U taqdiri murakkab bo‘lgan, hayotda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan, kerakli natijalarga erishgan”, dedi RF prezidenti.

Prigojin “iqtidorli inson, iste’dodli tadbirkor edi va nafaqat bizning mamlakatimizda, balki Afrikada natijalar bilan ishlagan, u yerda neft, gaz, qimmatbaho toshlar va metallar bilan shug‘ullangan”, dedi Putin.

“Menga ma’lum bo‘lishicha, u kecha Afrikadan qaytgan, bu yerda ba’zi rasmiylar bilan uchrashgan”, — deya davom etdi Rossiya prezidenti.

“Keling, yaqin orada tergovchilar nima deyishini ko‘ramiz. Hozir texnik va genetik ekspertiza o‘tkazilmoqda, bu biroz vaqt talab etadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Gazeta.uz” halokatga uchragan samolyot Moskvadan Sankt-Peterburgga uchayotganini yozgan edi. Halokatdan so‘ng darhol Rosaviatsiya yo‘lovchilar ro‘yxatida Yevgeniy Prigojinning ham ismi borligini ma’lum qildi.