Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan sammit yakunlari bo‘yicha BRIKS ittifoqiga yana oltita davlat qo‘shiladi, bu haqda “Kommersant’” xabar berdi. JAR prezidenti Siril Ramafosa bu mamlakatlar ittifoqqa qo‘shilish uchun taklif etilganini tasdiqladi.

Cammit yakuniy hujjati loyihasiga ko‘ra, bu mamlakatlar Argentina, Misr, Efiopiya, Eron, Saudiya Arabistoni va BAA hisoblanadi. Ular 2024-yil 1-yanvardan tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Ittifoqqa qabul qilinadigan davlatlar geografik asosda tanlab olingani aytilgan. Bundan tashqari, Argentina va Saudiya Arabistonining G20 (“Katta yigirmalik”) a’zosi ekani ham hisobga olingan.

Hozirda BRIKS beshta davlatdan — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JARdan iborat. BRIKSga a’zo bo‘lish uchun 23 ta davlat tomonidan ariza berilgan.

BRIKS (inglizcha BRICS — yuqorida sanalgan a’zo davlatlar nomlarining bosh harflari) 2006-yil iyun oyida Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy iqtisodiyot vazirlari ishtirokida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan. Shundan so‘ng unga hozirgacha faqat bir davlat — Janubiy Afrika Respublikasi (2010-yilda) qo‘shilgan.

Hozirgi sammit BRIKSning 15-sammiti hisoblanadi. Unda ittifoqdagi davlatlar rahbarlari (Vladimir Putindan tashqari) pandemiyadan keyin birinchi marta shaxsan uchrashdi. 10 yil ichida birinchi marta blokni kengaytirish masalasi sammit kun tartibiga qo‘yilgan. Ikkinchi asosiy mavzu alyans a’zolari o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun yagona to‘lov vositasini joriy etish hisoblanadi.

Sammitda Rossiya nomidan mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok edi, Vladimir Putin esa videoaloqa orqali qatnashdi. Putin Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olinishi uchun chiqarilgan order tufayli Janubiy Afrika Respublikasi poytaxtiga bormadi.