22-avgust kuni Boku shahrida prezidentlar — Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tomonidan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning prezident etib qayta saylanganidan keyingi ilk davlat tashrifi davomida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi.

2023−2024-yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, energetika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida, yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidandir.

Fuqarolarning vizasiz qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, Ye-permit ruxsatnoma blanklarini elektron almashish axborot tizimini joriy qilish, oila va bolalarni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi hamda Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

“Yaqinlashishga o‘zaro intilish borligi”

илҳом aлиев, ozarbayjon, шавкат мирзиёев

“Saylovdan keyingi birinchi tashrifimni aynan Ozarbayjonga amalga oshirayotganim ramziy ma’noga ega. Bu ikki tomonlama hamkorligimiz eng yuksak darajaga chiqqani, yaqinlashishga o‘zaro intilish borligi, sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti muzokaralar yakunida.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatlar imzolagan shartnoma ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradi.

“O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doim qo‘llab-quvvatlab kelgani va bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi Qorabog‘da tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining ko‘lami va sur’atini yuqori baholadi”, — deya iqtibos keltirgan davlat rahbarining matbuot xizmati.

“O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida hech qanday muammoli masalalar yo‘qligini ta’kidlash joiz. Biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida katta salohiyatdan samarali foydalanishning yangi imkoniyatlari va mexanizmlarini izlash dolzarb ekaniga urg‘u berdik”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, logistika, madaniyat

илҳом aлиев, ozarbayjon, шавкат мирзиёев

Ikki davlat prezidentlari va delegatsiyalarining muzokaralarida ko‘p qirrali sheriklikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi, deyiladi xabarda.

Savdoni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi va logistika infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Avtomobilsozlik, metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, turizm va boshqa sohalardagi yirik loyihalar ko‘rib chiqildi.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shma Investitsiya jamg‘armasi va O‘zbekiston-Ozarbayjon sarmoya kompaniyasi tashkil etilgan.

Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o‘rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni 1 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev kuni kecha ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida o‘tgan biznes forumi yakunlarini yuqori baholadi.

Yetakchilar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhimligini qayd etdi. Yangi logistika zanjirlarini rivojlantirish va infratuzilmani qurish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘tgan yilda O‘zbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Mamlakatimiz bundan buyon ham Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmog‘idan foydalanib, yuk tashishni ko‘paytirish niyatida. Shu ma’noda, Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning yana bir drayveri sifatida ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlari maksimal darajada ishga solinadi. Hokimlar va ma’muriyatlar rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalari va gumanitar almashinuvni ilgari surish uchun joylarda muntazam uchrashadi.

Muzokaralarda madaniyat sohasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. Yaqinda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Ushbu tadbirlar doirasida Bokuda o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk vakili Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tiliga tarjima qilingan “O‘tkan kunlar” romani taqdimot qilindi.

Yetakchilar BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH, YeXHT, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa ko‘p tomonlama institutlar doirasida ham samarali muloqotni davom ettirishga ahdlashib oldi.