22-avgust kuni Nyu-York shahrida O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Bosh kotib Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan islohotlarni yuksak baholadi. O‘zgarishlarni amalga oshirishda, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda BMT O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini hamda BMT orqali bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qildi.

Eslatib o‘tamiz, Ulug‘bek Lapasov 4-avgust kuni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili bo‘lgandi. Tayinlovga qadar 2018-yilning iyul oyidan buyon Jenevadagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi O‘zbekistonning doimiy vakili sifatida ishlab kelayotgandi. Lapasovdan avval O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov bo‘lgan.