“Tolibon” harakati 2021-yildan beri sobiq afg‘on hukumatining 200 dan ortiq amaldori va a’zolarini sudsiz qatl qildi. Bu haqda BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (UNAMA) hisobotida (pdf) aytiladi.

“UNAMA Afg‘oniston „Tolibon“ tomonidan egallab olinganidan beri sobiq hukumat amaldorlari va Afg‘oniston qurolli kuchlari a’zolarining kamida 218 ta sudsiz qatl etilish holatini qayd etdi”, — deyiladi hujjatda.

BMT missiyasiga ko‘ra, asosan politsiya, qurolli kuchlar va Afg‘oniston milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq xodimlari ta’qibga uchragan. Aksariyat hollarda qurbonlar qisqa muddatga hibsga olinib, keyin o‘ldirilgan.

Umuman olganda, BMT missiyasi 2021-yil 15-avgustdan 2023-yil 30-iyungacha Afg‘onistonning sobiq hukumati bilan aloqador shaxslarga nisbatan suddan tashqari qatl qilish, o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish va ushlab turish, qiynoqlar va shafqatsiz munosabatda bo‘lish hamda zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha kamida 800 ta holatni hujjatlashtirgan. Ular mamlakatning barcha 34 viloyatida qayd etilgan.

UNAMAning ta’kidlashicha, bunday ta’qiblar “Tolibon” tomonidan sobiq hukumat amaldorlari va harbiy xizmatchilar uchun e’lon qilingan “umumiy amnistiya”ga qaramay sodir bo‘lgan.

“UNAMA hisobotida Afg‘oniston „Tolibon“ tomonidan egallab olinganidan keyin sobiq hukumat va xavfsizlik kuchlari bilan aloqador shaxslarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lgani haqida manzara ko‘rsatib berilgan. Qolaversa, ta’qib uchun nishonga olinmasligiga ishonch bildirilganini inobatga olsak, bu xalq ishonchiga xiyonatdir”, — dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk.

E’lon qilingan hisobotga amaldagi afg‘on hukumati vakillarining rasmiy bayonoti ilova qilingan bo‘lib, unda “umumiy amnistiya to‘g‘risidagi farmonga rioya qilmaslik holatlari qayd etilmagani” aytiladi.

2021-yil avgustida “Tolibon” Afg‘onistonda nazoratni qo‘lga kiritganida, harakat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid “Tolibon” “hech kimdan o‘ch olishni o‘ylamasligini” va sobiq amaldorlar va harbiy xizmatchilarning “afv etilishi va xotirjam bo‘lishi mumkinligini” va’da qilgan edi. Shundan so‘ng “Tolibon” harakat rahbari Haybatulloh Oxunzoda farmoni asosida “umumiy amnistiya” e’lon qilingan.

Shunga qaramay, 2021-yil noyabr oyida Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti Afg‘onistonda hokimiyatga kelganidan beri “Tolibon” 100 dan ortiq sobiq politsiya va razvedka xodimlarini qatl etgani yoki o‘g‘irlagani haqida hisobot e’lon qilgan.

2022-yil aprel oyida The New York Times “Tolibon” tomonidan xalqaro kuchlar bilan hamkorlikda ishlagan 490 nafar sobiq amaldor, harbiy va afg‘onlarning o‘ldirilishi va o‘g‘irlab ketilishi bo‘yicha tergovni e’lon qilgandi.