Surxondaryo viloyatida tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga doir qator qonun buzilishi holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Sho‘rchi tumani hokimligi mansabdor shaxslari “o‘z vazifalariga loqaydlik va vijdonsizlarcha” munosabatda bo‘lgani oqibatida madaniy meros obyektlariga 3,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Xususan, 2022−2023-yillarda “M.” xususiy korxonasi rahbari X.M. va boshqalar “Yangiariq” mahallasidagi VII asrga oid “Jartepa” arxeologik yodgorligi hududida g‘isht ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib, 1,8 mlrd so‘mlik zarar keltirgan.

Fuqaro E.M. va boshqalar “Katta Sovur” mahallasidagi VI-VIII asrlarga oid “Qorovultepa” arxeologik yodgorligi tuproqlaridan molxona qurib olgan va obyektga 693 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Shuningdek, fuqaro T.T. va boshqalar “Sourtepa” mahallasidagi I-V asrlarga oid “Savurtepa-2” arxeologik yodgorligi tuproqlaridan molxona, hojatxona qurgani oqibatida 670 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Denov tumanidagi I-XII asrlarga oid arxeologik yodgorlikka 13 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangandi.