O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasiga kirish imtihonidan maksimal — 189 ballni olgan ko‘plab abituriyentlar kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Bunda “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga berilgan imtiyoz sabab grant kvotasi to‘lgan yoki ballar ko‘tarilib ketgan. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “kontrakt”ga kirganlar Prezident granti asosida grantda o‘qishi mumkinligini aytmoqda.

Faollar esa yuqoridagi kabi imtiyozlar kvotadan alohida bo‘lishi kerakligi, aks holda faqat boshqalarning zarariga ishlayverishi va bu adolat mezonini buzishini ta’kidlashmoqda.

O‘zA axborot agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram kanalida tanqidiy post yozib qoldirdi.

Gap o‘z kuchi bilan, hech qanday imtiyozsiz 189 ball olgan bo‘lsada, “Temurbeklar maktabi”ni bitirgani uchun qo‘shimcha ball olganlardan ortda qolib ketgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirgan 3 nafar qiz haqida ketmoqda.

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga harbiy ta’lim muassasalarga o‘qishga hujjat topshirsa, to‘plagan baliga 30 foiz, boshqa oddiy OTMlarga topshirsa 15 foiz miqdorda qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

Blogerning yozishicha, Xalqaro munosabatlar yo‘nalishida davlat granti uchun o‘tish bali 205,2 ballga yetgan. Testda 189 maksimal ball to‘plaganlar ham to‘lov-shartnoma asosida o‘qimoqda.

“Natijada o‘z kuchi bilan, hech qanday imtiyozsiz 189 ball olgan bir necha abituriyent kontraktga kirgan. Tasavvur qilyapsizmi, ular barcha savollarga 100% to‘g‘ri javob bergan, to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballni to‘plashgan, qo‘lidan keladigan hamma ishni qilgan. Ammo bizning „o‘ta aqlli“ mas’ullarimiz o‘ylab topgan o‘ta adolatsiz imtiyoz natijasida davlat budjetidan eng zo‘r sharoitlar bilan ta’minlab qo‘yilgan maktabning bitiruvchilari garchi past ball olgan bo‘lsa ham, o‘sha maksimal ball olganlardan yuqoriga chiqib, davlat granti uchun ajratilgan barcha o‘rinni band qilishgan”, — deya ta’kidlagan u.

“189 ball bilan kontraktga kirgan abituriyentlarning 3 nafari qiz bola (suratlarda ularning natijasi). Qizlarni kontraktda o‘qitish bizda nimani anglatishni juda yaxshi bilasizlar. Nega endi ular shunchaki qiz bolaligi uchun maksimal ball to‘plasa ham kontraktda o‘qishi kerak? Uning aybi qiz bolaligidami?” — deya savol bilan yuzlanmoqda bloger.

Foto: Xushnudbek.

Ular Kun.uz nashriga bergan izohida natijadan norozi ekanliklarini aytgan. Abituriyentlardan biri andijonlik Muhayyo Abdulvohidova ingliz tilini 1-sinfdan beri o‘rganadi. IELTS va tarixdan sertifikati bor, lekin kontrakt asosida o‘qishi haqida xabar olgan. Navoiylik Muxlisa Ergasheva ham juda katta umidlar bilan grantni kutgan. Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi Sanjar Tilavoldiyev ham 189 ball olib, kontakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. U ham 3 yil tayyorlanib o‘qishga topshirgan.

Bloger Xushnud Xudoyberdiyev 189 ball to‘plagan 200 nafar abituriyentga Prezident granti berilishi va o‘shalar mandat e’lon qilinganda kontraktga kirgan bo‘lsada, budjetda o‘qishini eslatib o‘tgan. “Ammo bu muammoning yechimi emas. Unda 187,9 ball to‘plagan qizlarchi? (4-rasmga qarang). Ular majburiy fandan atigi 1 tagina xato qilgan va endi 4 yil kontraktda o‘qishi kerak”, — deb yozgan u.

Blogerning tanqidiy fikrlari tarmoqlarda ko‘p muhokama bo‘ldi, faollar bu e’tirozlarni o‘z sahifalarida ham qayta ulashmoqda.

Xususan, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova imtiyozlar juda ko‘p savollarni tug‘dirayotgani va adolatga ishonchni o‘ldirayotgani haqida gapirdi.

“Oliy ta’limda imtiyoz berilishi kerak bo‘lsa, ballar shaklida emas, test sinovlaridan o‘tib bo‘lgandan keyin, natijalariga qarab grantlar va stipendiyalar shaklida berilishi kerak. Xorijiy top universitetlar tajribasiga qaraylik shu yerda. Qayerda o‘qigan, qanday davlat mukofotini olgan, ota-onasi qayerda kim bo‘lib ishlagan — bular test natijalariga hech qanday ta’sir qilmasligi kerak. Faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar va chin yetimlar masalasida imtiyozlar berilsa bo‘ladi. Bizga adolatga ishonadigan yoshlar kerak-ku axir”, — deya yozib qoldirgan u.

Yana bir ayol bloger Aziza Qurbonova buni “qizlarga ikki karra diskriminatsiya” deya atamoqda.

“Birinchidan, yuqori ball to‘plasa ham qizlar kontraktda o‘qishiga to‘g‘ri kelyapti. Temurbeklar maktabiga berilgan imtiyoz sabab. Bu imtiyoz Zulfiya mukofotiga o‘xshab, kvotadan tashqarida hal bo‘lsayam mayliydi. Ikkinchidan, qizlar bu yo‘nalishdagi imtiyozdan avvalboshdanoq mahrum, ular Temurbeklar maktabida o‘qiy olmaydi, chunki o‘g‘il bolalar maktabi. Imtiyozlar jinslarni kamsitmasin, adolatsizlikka sabab bo‘lmasin”, — dedi u.

Umuman olganda faollar ushbu imtiyozning o‘zini adolatsiz tarzda berilayotganidan norozi. Bu holat anchadan beri tarmoqlarda tanqidga uchrayotgandi.

23-avgust kuni AOKAda test natijalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qabul jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Abdusamad Mamanazarov ayni shu holatga izoh berdi. Uning aytishicha, hozir bu tartib bo‘yicha tahlillar olib borilmoqda va u yakuniga yetgani yo‘q.

“189 ball to‘plagan 200 nafar abituriyentga “Prezident granti” beriladi. Bu tanlov yo‘nalishlari kesimida taqsimlanadi. Katta ehtimol bilan 189 ballni olgan abituriyentlar o‘sha kvotaga tushsa kerak. Hali tahlillar o‘z yakuniga yetmadi. Agar ular “kontrakt”ga tavsiya etilgan taqdirda ham Prezident grantiga sazovor bo‘lishsa, grant asosida o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ladi”, — dedi mutaxassis.

Mazkur video orqali abituriyentlar qabul jarayonlari bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob topishi mumkin.