22-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, uning rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva, shuningdek, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va uning rafiqasi Mehribon Aliyeva Fizuliyda barpo etilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-umumta'lim maktabining ochilish marosimida ishtirok etdilar. Bu haqda Ozarbayjon rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

“Bolalar, bu maktabni Fuzuliy shahriga birodarim, muhtaram Shavkat Miromonovich sovg‘a qilgan. Birodarimni iliq qarshi olishingizni istardim”, — dedi Ilhom Aliyev marosimda.

“Biz O‘zbekiston prezidenti janob Shavkat Mirziyoyevdan va uning timsolida O‘zbekiston xalqidan bu ajoyib maktabni qurib, bizga bergani uchun minnatdormiz. Mirziyoyev janoblaridan Fuzuliy ahlining o‘z xalqiga, o‘zbek xalqiga bu minnatdorchiliklarini yetkazishini so‘raymiz”, — dedi maktab direktori Xajar Mahmudova.

Maktab 960 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Qurilish ishlari o‘tgan yili boshlangan. Bino 3 gektar maydonda qurilgan bo‘lib, ikki qavat va podvaldan iborat. Maktabda 40 o‘quv xonasi, 6 laboratoriya, 2 kompyuter sinfi, 5 funksional o‘quv xonasi, 500 o‘rinli majlislar zali, sport zali, 320 o‘rinli oshxona, kutubxona mavjud.

Maktab hovlisida futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish joylari, yugurish yo‘laklari, yig‘ilish xonalari, nazorat punkti, qozonxona, suv rezervuarlari, transformator podstansiyasi barpo etildi.

Bir kun avval OAV uchun o‘tkazilgan brifingda Ilhom Aliyev bu “Qorabog‘ning tiklanishida xorijiy davlatning ilk sovg‘asi va biz bu birodarlik, hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlash ishorasini yuksak qadrlaymiz”, — deya ta’kidlagan edi.

“Ushbu maktab haqiqatan ham mana shunday ta’lim saroyi ekanligini aytmasa ham bo‘ladi. May oyida Fuzuliyda bo‘lib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishgandim, O‘zbekiston bizga ko‘rsatgan birodarlik sovg‘asi ko‘lamini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Maktab o‘zbek xalqining buyuk farzandi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan bo‘lib, u nafaqat ta’lim maskani, balki do‘stlik va birodarligimizning yana bir markazi bo‘lishiga ishonaman”, — dedi Ozarbayjon prezidenti.

fuzuliydagi maktab, maktab, ozarbayjon

Prezidentlar va birinchi xonimlar davlat qabuli vaqtida. Foto: prezident.az.

Shavkat Mirziyoyev Fuzuliy shahrida yangi uylarga ko‘chib o‘tgan aholi bilan uchrashuvda yangi maktabni “samimiy do‘stligimiz kelajagi yodgorligi” deb atadi.

Trend nashrining xabar berishicha, maktab O‘zbekiston budjeti hisobidan qurilgan. Bu O‘zbekistonda “prezident maktabi” nomi bilan mashhur bo‘lgan yangi turdagi maktab hisoblanadi. Qurilish ishlarida Enter Engineering kompaniyasi ham ishtirok etdi.