Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida oilali, ikki farzandli ayolni 2023-yilning mart oyida 4 erkak zo‘rlagani haqida xabar berilgandi.

Viloyat sudlari axborot xizmatining ma’lum qilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tumani sudida sudlanuvchilar M.Y. (1995-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan), D.Y. (1999-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan), A.S. (1984-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan) va S.S.ga (1989-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha 17-avgust kuni yopiq sud jarayoni tugab, sud hukmi o‘qildi.

Hukmga ko‘ra,

  • M.Y. Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 2-qismi “v” bandi, 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 1-qismi va 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, 9 yilga;
  • D.Y. va A.S. Jinoyat kodeksining 118-moddasi 2-qismi “v” bandi va 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, ularning har biri 8 yilga;
  • S.S. Jinoyat kodeksining 118-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, unga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

“Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi axborotda.