“Gazeta.uz” iqtisodiyot bo‘yicha odamlar orasida tarqalgan miflar va yanglish tushunchalarni soha mutaxassislari bilan muhokama qiluvchi Mifonomika loyihasini davom ettiradi. Loyihaning navbatdagi sonida iqtisodchi Behzod Hoshimov mehmon bo‘ldi. U bilan odamlarning kambag‘alligiga ularning o‘zi sababchi, degan qarash tahlil qilindi.

Quyida suhbatning matnli shaklini o‘qishingiz mumkin.

— Iqtisodchilar kambag‘allik deganda nimani tushunadi?

— Bu juda ham keng mavzu, shuning uchun atamalarga qisqaroq ta’rif berib ketishga harakat qilaman. Kambag‘allik deb iqtisodchilar sizu biz kabi hamma oddiy insonlar tushunadigan narsani nazarda tutgan. U ham bo‘lsa, moliyaviy resurslar kamligi, ya’ni odamlar yoki jamiyatlarning bazaviy xohish-istaklarini qondiradigan darajada puli va boshqa iqtisodiy resurslari yo‘qligi hisoblanadi.

— Kambag‘allikni o‘lchashning butun dunyoda qabul qilingan, hamma uchun tegishli metodlari bormi?

— Bu masala chuqurroq va nyuanslari ko‘p. Birinchi o‘lchov bu qanchadir vaqtdan beri Jahon banki kabi tashkilotlar foydalanadigan, insonlar qancha kaloriyani iste’mol qilishi bo‘yicha o‘lchov hisoblanadi. Ya’ni bir odam normal faoliyat olib borishi uchun kuniga 2200 kaloriya iste’mol qilishi kerak deb tasavvur qilsak, o‘sha kaloriyaning o‘sha mamlakatdagi narxi hisoblanadi. Odamlarda bu narx atrofida moliyaviy resurslari bo‘lmasa, ular kambag‘al hisoblanishadi.

Ikkinchi turdagi o‘lchov ham bor: unda odamda pul bo‘lmasa ham, kaloriyalarni o‘zining chorvasidan, tomorqasidan yetishtirish imkoniyati bormi, degan savol qo‘yiladi va shunga qarab [kambag‘allik] belgilanadi. Ya’ni kambag‘allikning eng past darajasi bu insonda normal faoliyat olib borish uchun yetarli kaloriyalar mavjud yoki yo‘qligi hisoblanadi.

Keyin [kambag‘allikni] mamlakatlararo o‘lchash uchun qandaydir o‘lchovlar o‘ylab topilgan. Masalan, bir kunga bir dollardan kamroq pul topadigan insonlar qancha? Bir dollar qandaydir universal o‘lchovdek olingan. Uni paritet bo‘yicha hisoblashgan, bu haqda hozir gaplashmasligimiz mumkin. Keyin 1,90 dollar degan o‘lchov bor, 3 dollar degan o‘lchov bor. Bu o‘lchovlarning asosiy sabablaridan biri ular bilan mamlakatlar orasidagi farqni ko‘rsa bo‘ladi. Masalan, Hindiston bilan Bangladeshning orasidagi farqni ko‘rish uchun bu o‘lchovlar kerak bo‘ladi.

Bularning hammasi qaysidir ma’noda subyektiv. Rivojlangan mamlakatlarda masala sal qiyinroq. Chunki, masalan, AQSh yoki Yevropaning g‘arbidagi boy mamlakatlardagi kambag‘allikning xususiyatlari sal boshqacharoq. Angus Diton degan Nobel mukofoti sovrindori, Prinston universtiteti professori bor. U rivojlangan mamlakatlardagi kambag‘allikning o‘lchovlari haqida gapiradi.

AQShdagi kambag‘al inson bilan Bangladeshdagi kambag‘al insonni solishtirish juda qiyin. Chunki AQShda “kambag‘al” deb ataladiganlarning moliyaviy resurslari Bangladeshdagi o‘rtahol odamdan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Lekin kambag‘allik jamiyatga nisbatan ham olinadi. Shuning uchun o‘sha jamiyatga nisbatan olishda qanday o‘lchovlarni ishlatish mumkinligi haqida bosh qotirishadi.

G‘arbiy Yevropa va AQShdagi o‘lchovlarning asosiy sabablaridan biri davlat dasturlarining kimga berilishini aniqlash hisoblanadi. Masalan, AQShning qimmat shaharlarida, deylik, San-Fransiskoda bir oilada 3 nafar farzand bo‘lsa va u oilaning yillik daromadi taxminan 80 ming dollar bo‘lsa, u barcha kambag‘allik dasturlariga moyil deb topiladi. Dunyo darajasida esa 80 ming dollar topish katta mablag‘. Aytmoqchimanki, dunyo bo‘yicha kambag‘allik o‘lchovlari har xil va ularga turli joylarda turlicha qaraladi.

— “Kambag‘allikning sababi nima, degan savol xato. Aslida boylikning sababi nima, deb so‘rash to‘g‘ri bo‘ladi”. Mana shu fikringizni izohlasangiz.

— Oxirgi 3−4 ming yilda insonlarning hayoti haqida yaxshi hujjatlar bor. Insoniyat tarixida barcha absolyut ravishda kambag‘al hayot kechirib kelgan. Ya’ni, masalan, bundan 2 ming yil oldingi eng boy joy — Rim imperiyasi ham, 3 ming yil oldin Misr ham, shu bilan birga, bundan 700 yil oldin Yevropa ham ancha kambag‘al joy edi. Insonlar yetarlicha ovqatlanmasligi normal hisoblanardi.

Kambag‘allikning boshqa, ovqatdan tashqari asoratlari ham mavjud. Juda ko‘p o‘limlar va bolalar o‘limlari shular jumlasidan. [O‘sha vaqtlarda] o‘rtacha insonning hayoti 35−40 yil atrofida, bir yoshgacha bolalarning o‘lim darajasi esa taxminan 50 foiz edi. Tasavvur qiling, bir yoshga yetguncha bolalarning 50 foizi o‘lib ketgan.

Tarixiy raqamlarga ko‘z tashlasak, 99 foiz tarixi davomida insoniyat juda ham qiyin, kambag‘al, sovuq, sog‘liqni saqlashsiz, och umr kechirgan bo‘lsa, faqatgina oxirgi 150, 200 yilda (bu ham hamma joyda har xil) sal bo‘lsa ham kosasi oqaryapti. Birinchidan, tug‘ilgan bolalar o‘lib ketmayapti. Bolalar yetarlicha kaloriyalarga va ulg‘ayish imkoniyatiga ega bo‘lyapti. Uchinchidan, ocharchilik degan muammo deyarli yo‘q bo‘lib ketmoqda. Va hokazo.

Shuning uchun ham aytgandimki, dunyo tarixiga kimdir nazar tashlasa, eng ko‘zga tashlanadigan narsa bu kambag‘allik va qashshoqlik. Hozir istisno darajasida ko‘rinadigan narsa esa qandaydir ma’noda boylik va farovonlik. Inglizchada default degan so‘z bor, ya’ni kambag‘allik bu default edi va boylik qandaydir istisno bo‘ldi.

Hozirgi dunyoga keladigan bo‘lsak ham, unda bir nechta boy mamlakatlar mavjud, bular G‘arbiy Yevropa, AQSh, Avstraliya, Fors ko‘rfazidagi neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlar va hokazo. Ya’ni bir nechta mamlakatlarda insonlar deyarli to‘liqligicha kambag‘allik yoki ocharchilik degan muammoni yecha olishdi. Lekin boshqa joylarda kambag‘allik, qoloqlik degan narsalar mavjud. Bundan 50 yil oldingi dunyo xaritasiga qaraydigan bo‘lsak, Xitoy va Hindistonda ocharchilik, kambag‘allik kabi narsalar mavjud edi, hozirga kelib esa bu narsalar sal kamaydi.

Shuning uchun hozirgi dunyoning kesimida ham, insoniyat tarixi kesimida qarasak ham, kambag‘allik nihoyatda ko‘p edi va u default edi. Ya’ni insonlar kambag‘al yashashar, bu normal edi. Normal degan so‘z o‘zbekchada normativ degan ma’noga ega. Men normal degan so‘zni shunday bo‘lishi kerak degan ma’noda emas, shunday edi degan ma’noda ishlatyapman. Aytmoqchimanki, boylik mavjud bo‘lishi bu qandaydir mo‘’jiza. Tarixiy anomaliya bu boylik. Insoniyat tarixining 5000, 6000-yilini qarasangiz, oxirgi 170 yoki 200 yilda insonlar kambag‘al emas. Bu, albatta, anomaliya.

— Kambag‘allik normal bo‘lgan bo‘lsa va boylik anomaliya bo‘lsa, insonlarning kambag‘al bo‘lib qolayotganiga ularning o‘zi sababchimi?

— Bunday falsafaviy fikrni insoniyat tarixida har xil turdagi jamiyatlarda ko‘rganmiz. Bu fikrning teskarisi ham mavjud edi. Masalan, o‘rta asrlarda Yevropada kambag‘al odamlar ko‘proq edi, boylar juda ham kam edi. Boylar deganda ham bizning standartdagi boylar nazarda tutilmayapti. Hech kimda, hatto eng boy shohlarda ham konditsioner yoki bizga o‘xshab minglab kilometr uzoqlikdan turib aloqa qilish imkoniyati yoki hozirgi tish doktorlari ishlatadigan dorilardan foydalanish imkoniyati yo‘q edi.

Ya’ni hozirgi o‘rtacha yoki kambag‘al deb topiladigan odam ham o‘rta asrlardagi eng katta shohlardan-da ancha yaxshiroq hayot kechirmoqda. Lekin, shu bilan birga, G‘arbiy Yevropada bir fikr bor ediki, boylik qanaqadir qusur, bu moral yoki etik nuqtai nazardan yomon narsa deb qaralardi. Buni ba’zilar diniy tarafdan tushuntirishardi. O‘sha vaqtda katolik cherkovidagi diniy arboblar boy odam keyingi umrida yaxshi joyga bormaydi, deyishardi.

Keyin esa Yevropaning ichidagi qandaydir nizo va urushlardan keyin protestant etikasining asosiy g‘oyalaridan biri boylik ham qusur emas, boylik ham normal narsa, boy-kambag‘al bo‘lish insonlarning moral nuqtai nazaridan kim ekanini belgilab bermaydi, degan qarash bo‘ldi.

Siz aytgan narsa buning teskarisi, ya’ni kambag‘allik qandaydir moral qusurmikan, degan fikr. Shu nuqtai nazardan fikrlasak, albatta, ikkovi ham xato edi.

Ba’zi mamlakatlarda imkoniyatlar ko‘proq, shuning uchun kambag‘allik kamroq.

AQShdagi kambag‘allik haqida gapirsak, boya aytganimizdek, bu yerda ham “kambag‘allik” bor, lekin bunga bizning linza bilan qarasak, bu hech qanday kambag‘allik emas. Bangladeshning yoki Markaziy Afrika Respublikasi (MAR)ning o‘lchovlarida qarasak ham, bu, aksincha — boylik.

AQShda qandaydir ma’noda ovqatlanish muammosi hal etildi. Lekin ovqat yeyish muammosi — O‘zbekiston yoki MAR kabi joylarda hal etilmagan masala. Hali ham bir necha yuz ming millatdoshimiz yetarli darajada kaloriya iste’mol qilmaydi. Endi savol tug‘iladi: AQShda kambag‘allar yo‘qligi bu AQShdagi odamlar mehnatkashroqligidanmi? Albatta, yo‘q.

Shaxsiy fikrimcha, inson ko‘proq taomlanishi yoki bolalariga yaxshiroq qarashi uning fitratida bor narsa. Bu yashab qolish uchun ham eng muhim narsa. Ya’ni ovqatlanish bu eng bazaviy xohish hisoblanadi va uning ustida ishlamaslikda insonlarni ayblash qiyin.

Ya’ni sizlarning qorningiz och, chunki sizlar yaxshi harakat qilmayapsizlar, degan narsa biologik nuqtai nazardan ham mantiqsizroq. Chunki insonning biologik ehtiyojlari mavjud, biologik nuqtai nazardan insonlar yashab qolmoqchi bo‘lgan mavjudotlar. Va shu yashab qolmoqchi bo‘lgan mavjudotlar, albatta, bor kuchi bilan kaloriyalarni ko‘paytirishga harakat qiladi.

To‘g‘ri, kaloriyalar kam bo‘lsa, insonda, deylik, kuch-g‘ayrati, energiyasi kamroq bo‘lar. Shuningdek, kambag‘al insonlarda yoki pul bilan qiynalayotgan boy insonlarda stress, siqilish sababli kognitiv imkoniyatlari cheklanganroq bo‘ladi. Shu omillar ham ta’sir ko‘rsatadi, albatta.

Lekin O‘zbekiston, Kongo Respublikasi, MARda yoki ocharchilik bo‘layotgan Yaman va Afg‘onistonda kambag‘allar mavjudligi o‘sha joylardagi odamlarning kuch-g‘ayrati, boyishga xohish-istaklari yo‘q deyish mantiqsiz, xato va juda ham eski g‘oya.

Ya’ni, aytmoqchimanki, bundan 1000-yil oldin ham, 2000-yil oldin ham, 700 yil oldin ham buni aytishgan. Qiziq tomoni, dunyo rivojlangan sari bu g‘oya noto‘g‘riligi haqida ko‘proq dalillar olyapmiz. Qanaqa ma’noda olyapmiz? Ko‘ryapmizki, masalan, rivojlangan mamlakatlarga Nigeriyadan kelgan migrantlar eng ilg‘or insonlarga aylanib ketyapti. Albatta, bu yerda seleksiya ham mavjud, lekin, umuman olganda, immigratsiya bunga qandaydir ta’sir o‘tkazyapti.

Ikkinchidan, masalan, ko‘proq boylik olish insonlarni ko‘proq ishlashga undashini ko‘ryapmiz. Shuning uchun ham, o‘ylaymanki, bu — noto‘g‘ri mavzu.

Ikkinchi narsaga ham e’tibor qaratsak bo‘ladi. Hozirgi tadqiqotlarga qaraydigan bo‘lsak, kambag‘allikning yomon xususiyatlaridan yana biri, o‘zbekcha aytganda, kambag‘alning kosasi oqarmasligi hisoblanadi. Qanaqa ma’noda? Kambag‘allar olgan pulini iste’mol qilishga majbur, chunki kaloriyalar yetarli emas. Shuning uchun jamg‘arish imkoniyatlari yo‘q. Jamg‘arish imkoniyatlari yo‘qligi esa ularning yangi pul topish imkoniyatlarini cheklaydi.

— Xulosa qilsak, ikkita fikr bor: birinchisi, butun dunyoda insonlar bir xil. Ikkinchisi, kambag‘al insonning kambag‘allikdan chiqib ketish imkoni nisbatan past. Xuddi tuzoqqa tushib qolgandek.

— Shunaqa desak ham bo‘ladi. Faqat bunda ikkita nyuans bor. Iqtisodchilarning zo‘r gapi bor: Hamma modellar xato, lekin ba’zilari foydali. Ya’ni hozir, masalan, qaysidir ma’noda hamma insonlar bir xil yoki hamma insonlar har xil degan gapning ikkovi ham to‘g‘ri.

Lekin bizning diskussiyaga birinchi yaqinlashtirishda qanaqadir ma’noda aytishimiz mumkinki, hamma insonlar ko‘proq pulni kamroq puldan ko‘ra hamma yerda ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Mana shu narsada ular bir xil.

Masalan, Avstraliyadagi inson ham, Shimoliy Amerikaning eng g‘arbiy nuqtasi bo‘lgan Alyaskadagi inson ham ko‘proq pul bersangiz, u pulni kamroq puldan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘radi. Ularning hamma narsasi har xil deylik, ya’ni musiqasi ham, yeydigan ovqati ham, boshqasi ham, lekin shu narsasi bir xil, degan faraz ustida ishlashimiz mumkin.

Ikkinchisi, boyagi gap, o‘sha insonlarning bir xilligi va harakatchanligi ularning mavjud muhitiga ham bog‘liq. Ko‘pincha AQShlik antropologlar va boshqalar kambag‘alroq joylarga borishardi-da, mana shu g‘oyani ko‘p ishlatishardi.

Ular qandaydir orolda odamlar kuni bilan o‘zining qandaydir xudolariga cho‘qinishadi, ozgina baliq tutishadi, qolgan vaqtda esa faqat yotishadi, AQSh shaharlarida odamlar g‘ayrat bilan ishlashadi, deyishardi. Demak, ular kambag‘alligining sababi orolda oyog‘ini osmondan qilib yotgani, degan fikr bor edi. Va bu fikrda asosiy noto‘g‘ri faraz shu ediki, u yerda insonlar ko‘p ishlasa ham, katta pul topolmasdi.

AQShda ham, masalan, odam soatiga qancha ko‘p pul topsa, shuncha ko‘p soat ishlaydi, chunki har bir ishlamagan soati unga qimmatroqqa tushadi. Shu qiziq narsa. Masalan, minimal oylik oladigan insonlarning ishlash soatlari juda katta oylik oladiganlardan ko‘ra ancha past.

Chunki, masalan, konsultant soatiga 500 dollar olsa, 2 soatlik kino ko‘rish unga 1000 dollarga tushadi. Burger King`da gamburger pishiradigan inson soatiga 15 dollar olsa, unga ikki soatlik kino 30 dollarga tushadi. Nisbiy pul bor, lekin absolyut pul ham bor-da. Shuning uchun gapingizga ikkita nyuans qo‘shib ketdim.

— Xayriya kambag‘allikni kamaytirmaydi, degan fikrni bildirgansiz. Nima uchun?

— Eng katta xayriyalar ham agar kishi boshiga bo‘lsangiz, juda ham kichkina raqamga aylanib qoladi. 30 mlrd dollaringiz bo‘lsa va 30 mln xalqqa beradigan bo‘lsangiz, har bir insonga qanchadan bergan bo‘lasiz?

— 1000 dollar?

— Endi qarang, 1000 dollarni berganingizdan keyin u bir marta ishlatiladi va shu bilan tugaydi. Lekin 30 mlrd bu O‘zbekiston budjetining taxminan 2,5−3 yillik yig‘indisi. Aytmoqchi bo‘lganim, bunaqa katta darajadagi pulning o‘zi mavjud emas. Men bu gapni Qozog‘istonda yangi hukumat o‘zgarganidan keyin qaysidir korxonalarga xayriya qilish majburiyati berilgani kontekstida aytgandim. U yerda, masalan, qaysidir korxona 10 mln, qaysidir korxona 5 mln dollar berishi haqida gap ketgan. Qozog‘istonning 18 mln aholisiga 5 mln xayriya bu okeanga bir tomchi suvdek gap.

Xayriya qandaydir ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qiladigan darajada bo‘lishi qiyin. Raqamlarning o‘zi juda-juda kichkina bo‘lgani uchun shunday.

Ikkinchi tomondan, xayriya insonlarning hayotini yengillashtiradimi, degan savolning javobi — ha, xayriya olgan insonlarning hayotini, albatta, yengillashtiradi. Lekin xayriya orqali qandaydir muhim, siyosiy yoki iqtisodiy muammolar, masalan, Bangladeshdagi kambag‘allikni hal qilsa bo‘ladimi desangiz, katta ehtimol bilan javob — yo‘q. Chunki sizda buncha ko‘p pul baribir topilmaydi. Dunyoda 1 mlrd kambag‘al odam bor desangiz, ularga beriladigan pullar astronomik darajada ko‘p.

Insonlarga faqat yeydigan og‘iz sifatida emas, ishlab chiqaradigan odamlar sifatida qarasangiz, ularga pul berishga imkoniyat yaratsangiz, ancha osonroq bo‘ladi, bu xayriyadan ko‘ra ancha muhimroq masala.

O‘zbekistonda, masalan, bu yaxshi odam, 50 ta odamga xayriya qilgan, 200 ta odamga uy qurib bergan, degan gaplar bor, lekin o‘sha yaxshi odam qanaqadir siyosiy qarorlarga ta’sir ko‘rsatib, qanaqadir subsidiyalar olib, qandaydir o‘yindan tashqari imtiyozlar olib, iqtisodiyotga ancha kattaroq zarar keltirishi mumkin. Masalan, oddiy bojxona subsidiyalarini oladigan bo‘lsa, u qiladigan xayriya buning oldida hech narsa emas. Boshqa tashkilotlar haqida ham xuddi shu fikrlarni aytishimiz mumkin.

Kambag‘allikning o‘ziga yarasha ildizlari bor deb xulosa qilsak, shulardan biri savdoga to‘siqlar hisoblanadi. Bu omil kambag‘allarni o‘z hayotini yaxshilash imkoniyatidan to‘sib turibdimi?

— Savdoga to‘siqlar kambag‘allikning asosiy sababi deyishim qiyin, lekin sabablaridan biri desak bo‘ladi va savdoga to‘siqlar kambag‘alroq insonlarga qimmatroqqa tushadi, deyish mumkin.

Qaysidir mamlakatda, ayniqsa, bizga o‘xshagan joylarda, savdoga to‘siqlar mavjud bo‘lsa, o‘sha yerdagi insonlar topgan pulining asosiy qismini iste’molga sarflaydi. Boyroq insonlarning xarajatlari tarkibida esa iste’mol xarajatlari juda ham kichik o‘rin egallaydi. Kambag‘al insonlarning budjetiga bojlar qattiqroq ta’sir o‘tkazadi.

Masalan, siz 1 mln so‘m topib, hammasini bozorda oziq-ovqatga sarflasangiz va bojlarning ta’siri bu yerda, masalan, 20 foiz bo‘lsa, oylik daromadingizning 20 foizi bojlarga ketgan bo‘ladi. Kimdir 1 mlrd so‘m topib turib, undan 100 mln so‘mini iste’molga sarflasa, unda bu raqam 20 mln bo‘ladi. Lekin 20 mln ni 1 mlrd ga nisbatan foizda olsangiz, yuqoridagi 20 foizdan ko‘ra ancha kichikroq raqam kelib chiqadi. Ya’ni bu narsa kambag‘allarga ancha qimmatroqqa tushadi.

Yana bir misol: agar shakarga bojlar mavjud bo‘lsa va uning narxi bozorda 1 dollar, bizda esa bojlar hisobiga 1,5 dollar bo‘lsa, albatta, bu narsa kambag‘allarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.

Ikkinchi ma’noda aytadigan bo‘lsak, hamma tovar va xizmatlarning narxi bittada, sun’iy ravishda qimmat bo‘lib qolgani ham odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘pchilik bizda shakarga boj bor, lekin unga boj yo‘q deyishi mumkin. Lekin ular tushunmaydiki, tovarlar bir-biriga elastik nuqtai nazardan bog‘liq. Qaysidir tovar vaqtinchalik qaysidir tovarning o‘rnini bosadi.

Sizda, deylik, shakar qimmat bo‘lsa, un iste’moli ham ko‘payishi yoki kamayishi mumkin va hokazo. Bu ham trivial masala emas va umumiy muvozanatda qandaydir kichkina boj ham nihoyatda xunuk iqtisodiy alomatlarga olib keladi. Lekin, shu bilan birga, iste’molchilar bundan uncha xabardor emas. Ya’ni bunday to‘siqlar ularni kambag‘allashtirayotgani ularning ko‘ziga ko‘rinmaydi.

— Kambag‘allikka qarshi kurashishning asosiy qurollaridan biri — iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Iqtisodiy o‘sish esa imtiyoz, subsidiya va boshqa yordam paketlari kattalashgani sar ular kapitalni band qilgani uchun sekinlashadi. Shunga qaramay, kambag‘allikka qarshi kurashish dasturlari davom ettiriladi. Buning sababini nimada deb o‘ylaysiz?

— Bu ham ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan narsalar orasidagi farqqa borib taqaladi. Boya xayriya haqida gaplashdik. Masalan, qandaydir subsidiyalardan boyigan tashkilot O‘zbekistonga milliardlab dollar zarar keltiradi. Lekin 10 mln dollarga 10 ta yetimxona qurib bersa, bu hamma yerda ko‘rinadi, televizorda ham, ommaviy axborot vositalarida ham ko‘rinadi, bu tashkilot yaxshi, olijanob ekan, degan taassurot beradi. Ya’ni ularning jamiyat sifatida sizga tushayotgan xarajatlarini siz ko‘rishingiz qiyin, chunki subsidiyalar orqali har kuni 1 dollar cho‘ntagingizdan chiqib ketmaydi. Bu xarajatlar allaqachon sizdan chiqib ketgan bo‘ladi. Lekin agar ular sizga 2 qop guruch olib kelib berishsa, u ko‘zingizga ko‘rinadi.

Shuning uchun ham kambag‘allikka qarshi kurash ba’zida kapital bozorida resurslar yoki pullarni noto‘g‘ri taqsimlash orqali hammaga, shu jumladan, kambag‘allarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatsa-da, bu narsa ko‘rinmaydi.

Lekin ularning hammasiga yoki qaysidir qismiga berilgan yoki berilishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar qandaydir ma’noda ko‘rinadi. Shuning uchun ham ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan narsalar orasida mana shunday siyosiy xatoliklar qilinadi.

Bu ko‘p masalalarda shunday, masalan, fiskal masalalarda ham. Ya’ni hokim qandaydir katta, yaltiragan suv sporti saroyini qurishi unga o‘sha shahardagi kanalizatsiya quvurlarini yamab chiqishdan ko‘ra yaxshiroq. Quvurlarni yamasa, albatta, insonlar hayotining sifat darajasi yuqorilaydi. Lekin buni teletomoshabinlarga ham, o‘zining boshlig‘iga ham, umuman, hech kimga ko‘rsata olmaydi. Tagidagi quvurlar teshilganicha qolayotgani hisobiga bo‘lsa ham, suv sporti saroyini mana shunday katta bino qurdim, deb ko‘rsatsa bo‘ladi.

Shuning uchun ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan narsalar orasidagi farq nihoyatda muhim va qanchalik ko‘p insonlar bu farqni payqay boshlashsa, shunchalik ko‘zbo‘yamachilik qilish qiyin bo‘ladi. Lekin men optimist emasman, qachondir odamlar bu narsani ko‘rishni boshlaydi, deb o‘ylamayman.

— Aytmoqchisizki, qayerdadir ko‘rinadigan narsalar qilinsa, bu qaror qabul qiluvchilarga reyting olib keladi.

— Shunday, chunki xarajatlarini ular o‘ziga olmaydi-da. Cho‘ntagidan qilmaydi.

— Lekin shunday vaziyatlar ham bo‘lishi mumkinki, qaysidir xarajatni qilmaslik ham jamiyatga katta yaxshilik bo‘lishi mumkin.

— Albatta.

— Qashshoqlik va kambag‘allikning teskarisi — adolat, boylik emas, deb yozgansiz. Nima uchun aynan adolat?

— Ko‘pincha kanalimdagi postlar qandaydir kontekstda yoziladi. Shuning uchun ham aynan nima haqida yozganimni eslolmayapman. Lekin umuman aytadigan bo‘lsam, bu gap qandaydir yaxshi eshitiladigan gapga o‘xshayapti.

Kambag‘allikka qarshi kurashning yaxshi vositalaridan biri bu — adolat, degan ma’noda yozgan bo‘lishim mumkin va shunday deb ham o‘ylayman. Chunki rostan ham adolatli tuzum, adolatli institutlar yaratilsa, ular jamiyatdagi adolatni to‘g‘ri qo‘yib bera olsa, kambag‘allik o‘z-o‘zidan kamayib boradigan narsa bo‘ladi. Buni biz ko‘plab jamiyatlar misolida ko‘rganmiz. Ya’ni adolat ko‘paygan sari iqtisodiy o‘sish bo‘ladi va buning natijasida kambag‘allik qisqarib boradi. Bu esa mamlakatni farovon hayotga boshlaydi.

Sharqiy Yevropa mamlakatlari, Chexiya, Polsha, Slovakiya kabi davlatlarda ham Berlin devori qulagandan keyingi davrda shu narsa kuzatilgan. Osiyo mamlakatlarida ham kuzatilgan. O‘ylaymanki, kambag‘allikdan chiqishning birinchi vositasi — adolatni ta’minlash.

— Demak, qonuniylikni ta’minlashning o‘zi kambag‘allik muammosini ham yechadimi?

— Albatta. Aynan shunday. Lekin bu odamlarga guruch yoki uy berishdan ko‘ra ancha qiyinroq masala. Shunga yarasha ta’siri ham ancha keng va chuqurroq bo‘ladi.

— Qaror qabul qiluvchilarga agar jamiyatda kambag‘allikni yo‘qotmoqchi bo‘lsangiz, institutsional o‘zgarishlar qiling, desak bo‘ladi. Eng to‘g‘ri va qisqa yo‘l shu.

— Qisqaligi ham 10 dan 100 yilgacha. Bu yerda boshqa yo‘l yo‘q, boshqa yo‘l hech qachon olib bormaydi u yerga. Bu aniq.

Bahodir Abdullayev suhbatlashdi.