O‘zbekiston yana Vetnamning Petrovietnam Exploration & Production (PVEP) kompaniyasini o‘z hududida uglevodorod zaxiralarini aniqlash uchun jalb qilmoqda, deya xabar berdi Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.

17-avgust kuni Toshkent shahrida agentlik rahbariyati, PVEP vitse-prezidenti Nguyen Tiyen Bao va qator vazirlik vakillari mamlakatdagi neft va gaz obyektlarining geologiya-qidiruv ishlari sohasidagi loyihalarini muhokama qildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Petrovietnam Exploration Production Corporation o‘rtasida respublikaning Kossor, Sho‘rchashma, Chuqurko‘l uchastkalarida geologik qidiruv ishlarini boshlash to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

2010-yilning fevral oyida “O‘zbekneftgaz” va PVEP o‘rtasida Kossor investitsiya blokida besh yil muddatga geologiya-qidiruv ishlarini (GQI) olib borishning asosiy tamoyillari to‘g‘risida shartnoma imzolangan. 2015-yilning yanvarida esa PVEP boshqa blok — Molabaurda qidiruv ishlarini boshlagan.

Biroq 2016-yil boshida Vetnam kompaniyasi o‘sha paytdagi neft va gaz bozoridagi salbiy vaziyat tufayli O‘zbekistonda neft va gaz qidirishni to‘xtatgan. PVEP tomonidan ajratilgan bloklar bo‘yicha boshqa qarorlar e’lon qilinmagan.