Toshkent viloyatining Tojikiston bilan chegaradagi “Oybek” chegara bojxona postida og‘irligi 55 kilogramga yaqin giyohvandlik vositalari va sun’iy narkotik moddalarni O‘zbekistonga yashirincha olib kirishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi yengil avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda uning gaz balloni ichiga turli shakldagi 49 dona va benzin baki ichiga 31 dona polietilen o‘ramlarda giyohvand moddalar borligi aniqlangan.

O‘ramlar ochib ko‘rilganda ularning ichida 52 kg 877 gr gashish hamda 2 kilodan ziyod geroin, 1 dona yelim idishda 950 gr sintetik giyoxvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2023-yilning avgust oyiga qadar aniqlangan 329 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida 298 kg og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Avvalroq Urgut tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasidan 1997-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro Tojikistondan 19 kg 799 gr opiy moddasini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tayotganida ushlangandi.