Generativ sun’iy intellekt kimningdir ishini to‘liq o‘z qo‘liga olib, ish o‘rinlarini “yo‘q qilmaydi”, balki ayrim vazifalarni avtomatlashtiradi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) yangi tadqiqotida bu haqda so‘z boradi.

XTM tadqiqotida ko‘pchilik ish o‘rinlari va sohalar qisman avtomatlashtiriladi hamda ChatGPT singari generativ sun’iy intellekt katta ehtimol bilan ish o‘rinlari o‘rnini egallamaydi, balki ularni to‘ldiradi degan xulosaga kelindi.

“Shunday qilib, ushbu texnologiyaning eng katta ta’siri, katta ehtimol bilan, ish o‘rinlarini yo‘q qilishda emas, balki ular sifatining potensial o‘zgarishida, ayniqsa mehnat jadalligi va avtonomligida ko‘rinadi”, — deydi ekspertlar.

XMT generativ sun’iy intellektning rivojlanishi natijasida kanselyariya faoliyati bilan bog‘liq ish o‘rinlari katta xavf ostida qolishidan ogohlantirdi: ushbu sohada bajarilayotgan mehnat funksiyalarining qariyb to‘rtdan bir qismi “juda zaif” deb hisoblanadi.

Shu bilan birga, sun’iy intekllekt texnologiyalarini joriy etishning ehtimoliy oqibatlari erkaklar va ayollar uchun katta farq qiladi. Shunday qilib, ayollar ish yuritish sohasida ko‘proq band ekanini hisobga olsak, generativ sun’iy intellekt bilan bog‘liq avtomatlashtirish ular band bo‘lgan ishlarga ko‘proq ta’sir qiladi, deydi XMT ekspertlari.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yuqori daromadli mamlakatlarda avtomatlashtirish barcha band odamlarning 5,5 foiziga ta’sir qilishi mumkin. Kam daromadli mamlakatlarda esa avtomatlashtirish ish o‘rinlarining atigi 0,4 foiziga ta’sir qiladi.

Mutaxassislarning fikricha, generativ sun’iy intellekt rivojlanishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari ko‘p jihatdan uni joriy etishni boshqarish sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Ishchilarning fikri, ularning tayyorgarligi va yetarli darajada ijtimoiy himoyalanishi bunday jarayonni boshqarish uchun kalit bo‘ladi, deyiladi tadqiqotda.