Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegarasidagi “Ak-Tilek” nazorat-o‘tkazish punkti oldida 430 ta yuk mashinasidan iborat navbat paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda “24.kg” axborot agentligi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmatiga tayangan holda.

Nashrning qayd etishicha, Qirg‘izistondan yuk mashinalarining o‘tishi bilan bog‘liq muammolar bir necha kun avval boshlangan. 21-avgust kuni kechki payt Qirg‘iziston chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punktida 370 ga yaqin yuk mashinasi bo‘lgan, Qozog‘iston tomoni esa kun bo‘yi bor-yo‘g‘i uchta mashinani o‘tkazgan.

O‘z navbatida “hech qanday cheklovlar qo‘yishmagani” va qozog‘istonlik hamkasblari bilan “avtotransport vositalarining sekin o‘tishi sabablari bo‘yicha” uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgani ma’lum qilindi.

Qozog‘iston bilan yana ikkita — “Ken-Bulun” va “Chaldavar” nazorat-o‘tkazish punktlarida ham yuk mashinalari to‘planib qolgan, deya aniqlik kiritmoqda 24.kg axborot agentligi. Xabarda qancha mashina borligi aytilmagan.

“Qozog‘iston tomoni ushlanib qolishlar sabablarini tushuntirmayapti. Men hozir iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Nazarbek Malayev bilan birga „Aq-Tilek“ o‘tkazish punktidaman. Sababni aniqlashga harakat qilyapmiz. Qozog‘iston tomoni bunday xatti-harakatlari bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tovarlarning erkin harakatlanishi haqidagi tamoyilini buzadi, deb hisoblayman. Qolaversa, ular YeOII obro‘siga putur yetkazmoqda”, — dedi nashrga Qirg‘iziston xalqaro yuk tashuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Igor Golubev.

Suv tufaylimi?

Qozog‘iston rasmiylarining sukut saqlayotgani fonida Qirg‘iziston matbuoti yuk mashinalarining kechikishi Qirg‘iziston qo‘shnilariga sug‘orish suvi yetkazib berishni to‘xtatgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni chop etdi.

“Mashinalar shunchaki turibdi. Sahna ortida Qozog‘istonga suv berish to‘xtatilgani sabab bo‘lmoqda”, — deb yozadi 24.kg nashri o‘quvchilar ma’lumotlariga tayanib.

Kaktus.media bilan suhbatlashgan ayrim haydovchilar ham yuk mashinalari suv bilan bog‘liq vaziyat tufayli to‘sib qo‘yilganini taxmin qilishdi. Boshqa bir qarashlarga ko‘ra, qozoq chegarachilari giyohvand moddalar solingan yuk mashinasini qidirmoqda.

Bundan tashqari, yuk tashuvchilar jurnalistlarga chegaradagi kechikish tufayli “to‘liq tartibsizlik sodir bo‘layotgani” va nazorat-o‘tkazish punktida “tolkachlar” paydo bo‘lgani, ba’zi yuk mashinalarini pul evaziga oldinga o‘tkazayotgani haqida so‘zlab berishdi.

OAVdagi xabarlar tufayli Qozog‘istonga suv yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, mamlakat Qozog‘iston oldidagi “barcha majburiyatlarini bajargan” va suv yetkazib berilgan Kirov suv omborida suv sathi pastligicha qolayotganini ta’kidladi.

Qozog‘istonning munosabati

Qirg‘iziston chegarasida furalar to‘planib qolganidan bir necha kun o‘tib Qozog‘iston moliya vaziri Yerulan Jamaubayev izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushlanib qolishlarga narkotiklarga qarshi operatsiya sabab bo‘lgan.

“U yerda bojxona yo‘q, bu YeOIIning ichki chegarasi. Bilishimcha, giyohvand moddalarni aniqlash bo‘yicha operatsiya o‘tkazilgan, shuning uchun hozir, katta ehtimol bilan, Chegara xizmati va KNB tomonidan puxta tekshiruv o‘tkazilmoqda”, dedi u jurnalistlarga.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, “tijorat yuklari bilan bog‘liq hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagan”.

Keyinroq Qozog‘iston KNB Chegara xizmati ham vaziyatga izoh berib, hech qanday cheklov choralari kiritilmaganini ta’kidladi.

“Hech qanday cheklov choralari joriy etilmagan, nazorat-o‘tkazish punktlari odatdagidek ishlamoqda, tekshirish vaqtini tartibga solish me’yorlariga qat’iy rioya qilinmoqda. Avtotransport vositalarining o‘tish ko‘rsatkichlari joriy mavsum uchun, jumladan, chegaraning qozoq-qirg‘iz qismida ham kunlik normalar chegarasida”, — deyiladi Tengrinews.kz agentligi xabarida.

Oxirgi marta “Aq-Tilek” nazorat-o‘tkazish punktida yuk mashinalarining katta navbati iyun oyi boshida kuzatilgan edi. O‘shanda Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida ham yuzlab yuk mashinalari tirbandlikda to‘xtab qolgandi. Qirg‘iziston Chegara xizmati buni Qirg‘izistondan boshqa davlatlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining mavsumiy oshgani bilan izohladi.