22-avgust kuni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi, deya xabar bermoqda Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmati.

Apellyatsiya arizalari my.uzbmb.uz sayti orqali (abituriyentning shaxsiy kabinetida) onlayn tarzda qabul qilinmoqda va 31-avgustga qadar (10 kun) davom etadi.

Apellyatsiya shikoyati berish uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lish lozim. Arizani bergan abituriyentga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi.

Xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsni tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Bilimni baholash agentligiga borish kerak. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish 24-avgustdan boshlanadi.

Shuningdek, agentlik hamda uning hududiy bo‘limlarida abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish maqsadida maslahat markazlari tashkil etildi. Bunda ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish uchun Toshkent shahriga kelishlari shart emas.

“Abituriyentlarni tabaqalashtirilgan yoki oshirilgan kontrakt asosida talabalikka qabul qilish agentlik vakolatiga kirmaydi. Mazkur masala yuzasida bevosita oliy ta’lim muassasasining o‘ziga murojaat qilish va to‘liq ma’lumot olish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 22-avgustga o‘tar vaqtda OTMga qabul uchun yakuniy test natijalari e’lon qilindi. Abituriyentlar o‘z natijalarini my.uzbmb.uz va mandat.uzbmb.uz saytlari, abituriyent ID raqamini yuborgan holda @edtmmandatbot Telegram boti, ruxsatnoma QR kodi hamda test natijalari qaydnomasi orqali bilishlari mumkin.