Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida terrorizmni moliyalashtirishda gumonlangan erkak ushlandi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan 29 yoshli G‘.O. Janubiy Koreyaga borib, u yerda “Imom al-Buxoriy katibasi” terrorchilik tashkiloti yetakchilari bilan aloqa o‘rnatgan. Ularning noqonuniy faoliyatini moliyalashtirib kelgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 155−3 (Terrorizmni moliyalashtirish), 244−2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Vazirlik chet davlatlarida faoliyat yuritayotgan yoki ta’lim olayotgan fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqirdi. Terrorchilik tashkilotlari yollovchilarining ta’siriga tushish hamda ularning faoliyatida qatnashish og‘ir oqibatlarga olib kelishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Rossiyada mehnat migranti bo‘lib ishlagan Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish va terrorizmni moliyalashtirishda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.