Tapentadol og‘riq qoldiruvchi dori vositasi O‘zbekistonda muomalasi cheklangan giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritildi. Qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar Vazirlar Mahkamasining 19-avgustdagi qarori bilan kiritilgan.

Ushbu dorining quyidagi o‘lchamlari (grammda) noqonuniy muomalada bo‘lsa, jinoiy harakat sifatida baholanadi:

  • kichik — 0,5 g;
  • kichikdan ko‘proq — 0,5 — 5 g;
  • yirik — 5 g dan ortiq.

“Tapentadol” opioid narkotik analgezik bo‘lib, morfin yoki oksikodon singari onkologik kasalliklarda o‘rtacha va kuchli og‘riq qoldiruvchi vosita hisoblanadi. Turli xil preparatlarda mavjud bo‘lgan ushbu modda giyohvandlikka olib kelishi, suiiste’mol qilinishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi mumkin. Uni noto‘g‘ri ishlatish yoki suiiste’mol qilish dozani oshirib yuborish va o‘limga olib kelishi mumkin.

Ushbu ro‘yxatga tramadol, kokain, morfin va boshqalar kiradi (jami 54 ta dori).

Bundan tashqari, ushbu sohada nazoratni kuchaytirish va ularning bojxona chegarasi orqali o‘tish jarayonini o‘z vaqtida rasmiylashtirish maqsadida hukumat tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TN VED) ta’sir etuvchi moddalar kodlari joriy etilmoqda.

Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati (jami 79 nomda) epilepsiya va periferik neyropatik og‘riqlarni (nervlar shikastlanganda paydo bo‘ladigan surunkali og‘riq) davolash uchun mo‘ljallangan dorilar guruhiga kiruvchi “Gabapentin” bilan ham to‘ldiriladi.