Davlat xavfsizlik xizmati boshqa huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda Andijon viloyatida katta miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilinganini ma’lum qildi.

Xususan, Andijon shahrida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Equinox avtomashinasi Oltinko‘l tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 988 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, Andijon shahrida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushbu giyohvandlik moddasini Tojikistondagi narkosavdogarlardan 5500 AQSh dollari evaziga Namangan viloyatining Pop tumani hududiga keltirib berish sharti bilan sotib olgani aniqlanib, u ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Shunday qilib, Equinox egasi ushbu giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, jinoiy sherigining yoniga ketayotgan bo‘lgan.

Boshqa holatda esa Qirg‘izistondan giyohvandlik vositalarini olib kelib, sotish bilan shug‘ullangan 2 nafar shaxs ushlandi.

Xususan, Jalaquduq tumanida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan fuqaro 100 gr “gashish” moddasini Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1974-yilda tug‘ilgan jinoiy sherigiga olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Uning yashash xonadonidan esa 586 gr, jinoiy sherigi uyidan 19 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Andijon shahrida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs esa o‘z o‘g‘lining boshqaruvida bo‘lgan KIA avtomashinasida Toshkent tomon harakatlanayotgan vaqtida Bo‘ston tumanidagi 44-sonli YPX maskanida to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uning salon qismida Qirg‘izistondan keltirilgan 673 gr “gashish” moddasi hamda 42 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Uning yashash xonadonidan ham 14 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.

Andijon shahrida qayd etilgan yana bir holatda esa 1969-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘izistondan narkotik moddalar olib kelib, sotishini boshqalardan sir tutish maqsadida, shaharning boshqa hududidan ijaraga uy olgani aniqlandi. Uning ijaraga olgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan jami 269 gr “gashish” moddasi va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.