Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli sud ekspertizasi ilmiy-metodik markazi boshlig‘i va prokurori G‘ayrat Musayev hamda Xagani Gadjiyev “Gazeta.uz”ga O‘zbekistonda elektron to‘lov tizimlaridagi firibgarlikning yangi turi haqida ma’lumot berdi.

Charjbek (inglizcha Shargeback) — to‘lovchi tomonidan tovar yoki xizmat ko‘rsatuvchi uchun amalga oshirilgan to‘lovlarining (tranzaksiyalarning), tovar berilmasligi yoki xizmatlar ko‘rsatilmasligi natijasida mablag‘larning to‘lovchiga qaytarilish jarayoni.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, charjbek usulidan O‘zbekiston uchun yangi firibgarlik sxemalarida qo‘llanilmoqda. Ayrim tadbirkorlar ushbu usuldan foydalangan holda shunga o‘xshash noqonuniy xatti-harakatlardan jabr ko‘rishgan.

Masalan, mijoz internet-do‘kondan 8 mln so‘mlik noutbukni bank kartasi yordamida onlayn to‘lov orqali xarid qiladi. Bir muncha vaqt o‘tgach, karta egasi bunday operatsiyani amalga oshirmaganini asos qilib, xizmat ko‘rsatuvchi bankdan to‘lovni qaytarishni so‘raydi (charjbekni amalga oshiradi). Bank ushbu mablag‘ni tovar sotuvchisi hisobidan olib, mijozga qaytaradi. Sotuvchi xaridni ma’lum bir to‘lovchi tomonidan amalga oshirilganini isbotlay olmaydi, chunki u mijozni aniqlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmagan.

Oqibatda bunday holatlarga tegishli choralarni amalga oshirmagan kompaniya charjbek mexanizmidan nohaq foydalanish natijasida zarar ko‘radi.

“Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan charjbek yordamida firibgarlik holatlarini tekshirish va oldini olishning aniq metodologiyasi ishlab chiqilmagan. Banklarda ham ushbu mexanizmni suiiste’mol qilish holatlarini aniqlash va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus tartiblar hozircha mavjud emas”, — deyiladi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xabarida.

Mutaxassislarning fikricha, biznes risklarini kamaytirish uchun ushbu masalalarni yanada chuqurroq o‘rganish zarur.

Rossiya Milliy moliyaviy tadqiqotlar agentligi (NAFI) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 2021-yilda mamlakatda kartalardan to‘lovlarni qabul qiluvchi kompaniyalarning 35 foizi charjbek hujumiga uchragan. Bunda qaytarilgan to‘lov cheklarining o‘rtacha qiymati 12,3 ming rublni (joriy kurs bo‘yicha taxminan 130 dollar) tashkil etgan. Naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushining ortib borayotgani va normativ-huquqiy bazaning nomukammalligi ushbu jarayon katalizatorlari bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda chakana to‘lovlarning umumiy hajmida to‘lov kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan operatsiyalar ulushi 65 foizga yetdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu bilvosita charjbekning ehtimoliy xatarlari ortib borayotganidan dalolat beradi.

Klassik firibgarlik sxemasidan farqli o‘laroq, charjbek tartibi to‘lovchining aybini isbotlashni talab qilmaydi. Mijozning olingan tovar/xizmatlarning yo‘qligi yoki kompaniya tomonidan firibgarlikda gumon qilingani haqidagi bayonoti yetarli. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ta’kidlashicha, isbotlash yuki tadbirkorning zimmasiga tushadi, bu masofaviy savdoning rivojlanishi sharoitida qiyin, ayniqsa mijoz boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa.

Sud amaliyoti tahlili charjbekdan noinsoflik bilan foydalanishning quyidagi keng tarqalgan sxemalari mavjudligini ko‘rsatadi:

  • tovarlarni keyinchalik pulni qaytarib olish maqsadida xarid qilish;
  • to‘lovni karta bilan amalga oshirib, so‘ngra to‘lov o‘g‘rilangan karta amalga oshirilgan deya charjbekni amalga oshirish;
  • boshqa fuqaroning kartasidan foydalanish;
  • tovarni yetkazib berish xizmati bilan sotib olib, so‘ngra yetib kelmadi deya charjbekni amalga oshirish.

Qabul qilingan mablag‘larning qonuniyligini isbotlash vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotishlarga qo‘shimcha ravishda, kompaniyalar obro‘si to‘kilishi va tranzaksiyalar masalasida tez-tez tortishuvlar ro‘y bergani sababli jarimaga tortilishidan ham zarar ko‘radi.

Charjbekning ehtimoliy xatarlarini minimallashtirish uchun ekspertlar to‘lovni amalga oshirishda va xaridor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda xarid yoki xizmat parametrlarini sinchkovlik bilan tekshirishni (verifikatsiya) tavsiya qiladi.

Mutaxassislarning fikricha, bu muammolarni hal qilish uchun qonunchilikni takomillashtirish, mijozlarni identifikatsiyalash texnologiyalaridan foydalanish, tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish zarur.

Asaxiy internet do‘koni asoschisi Firuz Allayev “Gazeta.uz”ga shu kabi holatlar mavjudligini tasdiqladi. Xususan, mijoz boshqa shaxsning kartasi orqali buyurtma bergan, keyin esa charjbek usulini qo‘llagan. Boshqa holatda xaridor chet el fuqarosining Visa kartasi yordamida iPhone sotib olgan. Onlayn do‘kon telefonni yetkazib bergan, ammo mijoz pulni qaytarib olgan. “Ish prokuraturaga o‘tkazildi, tergovchi iPhone uchun mablag‘larni qaytarib olib berdi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ERP — biznesning barcha jabhalarini, jumladan, moliya, inson resurslari, ishlab chiqarish, ta’minot zanjiri, xizmatlar, xaridlar va boshqa jarayonlarni boshqarishga yordam beruvchi dasturiy ta’minot tizimi bu kabi shubhali vaziyatlarni aniqlashga yordam beradi.