Farg‘ona viloyatida 20 yoshli kelinchak vafot etdi. Bu haqda uning yaqinlariga tayangan holda farg‘onalik jurnalist Ma’rufa Soliyeva ma’lum qildi.

Jurnalistning ta’kidlashicha, O‘zbekiston tumanidagi Pastko‘rik qishlog‘ida tug‘ilgan 20 yoshli Z.T. 2023-yil 22-iyul kuni Yaypan shahrida yashovchi 30 yoshli I.I.ga turmushga chiqqan. Marhuma tibbiyot kolleji talabasi bo‘lgan, kuyov esa avtoshohbekatda chek sotuvchi bo‘lib ishlaydi.

“Kelinchak turmush o‘rtog‘idan kaltak yeyotganini aytib, oila a’zolaridan uni olib ketishlarini so‘raydi. O‘limidan keyin kelinning opasiga kuyovning opasi telefon qilib, Z.T.ning o‘lganini aytadi. Kuyovning hovlisiga borgan kelinning akasi va opasi hovlining o‘rtasida singlisining o‘lik holatda yotganiga guvoh bo‘lishadi. Kuyovning oila a’zolarining barchasi esa uy ichida bo‘lgan. Ammo qo‘shnilarning aytishicha, Z.T. o‘sha kuni hovlida yolg‘iz qolgan, oilasidagilar uning ustidan qulflab ketishgan”, — deb yozadi Ma’rufa Soliyeva.

Kelinchakning yaqinlariga ko‘ra, kuyov tomon kelinning o‘z joniga qasd qilgani, ya’ni o‘zini osib qo‘ygani haqida xabar tarqatgan. Ammo kelinchakda kaltaklanish alomatlari mavjud.

“Kuyov tomonning ildizi qattiqligi bois ko‘p narsani bosti-bosti qilib yuborishlari mumkinligidan xavotirini aytishdi”, — deyiladi tarqalgan xabarda.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, 20-avgust kuni O‘zbekiston tumanida yashovchi 20 yoshli ayol yashash uyida o‘z joniga qasd qilgan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

“O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertiza tayinlangan. Tekshirish natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi prokuratura axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 15-iyul kuni Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida 21 yoshli ayol yashash xonadonida o‘zini osib, vafot etgani aytilgan edi. Uning otasi “Gazeta.uz”ga o‘lim sabablaridan shubhalanayotgani va qizining murdasida tan jarohatlari bo‘lganini ma’lum qilgandi. “Farzandimning o‘zini zaharlashi va jarohat yetkazishiga umuman ishonmayman”, — degandi u.