Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishidagi “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari 26-avgustdan boshlab 4 oy muddatga yopiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” korxonasi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu muddat davomida rejali profilaktik ishlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, poyezdlar harakati “Shahriston” va “Ming o‘rik” bekatlari oralig‘ida odatiy tarzda harakatlanishi davom etadi va bu yo‘nalishda poyezdlar harakati oraliq vaqti (interval) 5 daqiqagacha qisqartiriladi.

4 oy mobaynida “Turkiston-Yunusobod-Shahriston” metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tonggi 06:00 dan tungi 00:00 ga qadar amalga oshiriladi.

“Toshkent metropoliteni” bunday amaliyot “jahon tajribasidan kelib chiqqan holda” amalga oshirilayotganini ta’kidladi. “Metro poyezdlari harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida yerosti metro tunnelari va bekatlari ma’lum muddat ekspluatatsiya qilinganidan so‘ng rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish lozim”, — deyiladi xabarda.

Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishidagi “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari qariyb 3 yildan buyon yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Yunusobod yo‘nalishining I bosqichi 2001-yilda ishga tushirilganidan so‘ng rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish uchun 2002-yilda 3 oy muddatga yopilgan, deya qo‘shimcha qildi korxona matbuot xizmati.