O‘zbekistonda 1-oktabrdan QQSni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash (tax gap) tizimi bekor qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

“Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish, tizimdagi korrupsiya holatlarining barchasidan xabarim bor. Endi bu tizimni tubdan isloh qilib, soliq idoralari xodimlari yondashuvlarini butunlay o‘zgartiramiz, soliq ma’muriyatchiligini ham iloji boricha soddalashtiramiz. Lekin bunga sizlar (tadbirkorlar — tahr.) ham yordam berishingiz kerak. Sizlar ham befarq bo‘lmasligingiz kerak, bu haqda baralla aytish vaqti keldi”, — dedi u.

Hozirgi tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.

“Endi intizomli soliq to‘lovchilar bir vaqtlar xatoga yo‘l qo‘ygan sherik uchun javobgardir. O‘tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni Tax Gap tizimi adolatsiz ekanini bildirgan”, — dedi prezident yig‘ilganlarning gulduros qarsaklari ostida.

tax gap, soliq qo‘mitasi, шавкат мирзиёев, шерзод кuдбиев, ққс

Sherzod Kudbiyev (o‘ngda).

“Kudbiyev (Soliq qo‘mitasi rahbari Sherzod Kudbiyev — tahr.) degan kattakon, senga baho bu, sening tizimingga baho bu. Shuning uchun ko‘p joylardan aylantirib, bu yerda olib kelganim bejizga emas. Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar. Xalqqa to‘siq bo‘lyapsizlar, tadbirkorlarga yordam bermayapsizlar. Tax Gap degan balo tadbirkorlarni qiynayapti, katta-katta korrupsiyaga sabab bo‘lyapti, desak, bular qarsak chalyapti. Ey prezident, ko‘zing ochilgani rost bo‘lsin, deyapti!” — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev 1-oktabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti (tax gap)ni bekor qilinishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.

Soliq uzilishi deganda soliq to‘lovchi tomonidan soliq hisobotida yetkazib beruvchilar-kontragentlardan olingan hisobvaraq-fakturalar asosida hisobga olinishi lozim bo‘lgan QQS summalarining aks ettirilishi tushuniladi. Bunda ushbu operatsiyalar bo‘yicha ko‘rsatilgan kontragentlar budjetga QQS to‘lamagan, ushbu operatsiyalarni o‘zlarining hisobvaraq-fakturalarida aks ettirmagan yoki soliq organlariga soliq hisobotlarini taqdim etmagan bo‘ladi.

Soliq uzilishi faktlari QQS to‘lovchisi guvohnomasining amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelishi mumkin.