14−15-sentabr kunlari Dushanbeda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashadi. Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin 15-avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Asia-Plus” nashri.

Vazir Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida bir qator hujjatlar imzolanishini, ulardan eng muhimi davlat rahbarlarining yakuniy deklaratsiyasi bo‘lishini qayd etdi.

Bundan tashqari, Dushanbeda ikki muhim — quruqlik transporti va yoshlar siyosati sohalari bo‘yicha shartnoma imzolanadi.

Tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi doirasidagi 12 ta qo‘shimcha tadbir — iqtisodiy forum, olimlar forumi, faol ayollar uchrashuvi, madaniy dastur va besh mamlakat milliy taomlari ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif qilgan.

Shu kunlari Dushanbe shahrida Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasining davlat rahbarlari Kengashi navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazadi, uning yakunida esa bir qator qarorlar imzolanishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining avvalgi sammiti 21-iyul kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgandi, o‘shanda ular to‘rtinchi bor uchrashishgandi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi 2017-yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgandi. Birinchi sammit 2018-yilning mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton (hozirda Astana)da, ikkinchisi — 2019-yilning noyabrida Toshkentda, uchinchisi — 2021-yilning avgustida Turkmanistonning “Avaza” turistik zonasida bo‘lib o‘tgandi.