“Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Bu haqda 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Endi O‘zbekistonda yangi bank paydo bo‘ladi. U faqat shu yo‘nalish bilan shug‘ullanadi”, — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bank arzon kreditlar ajratadi, soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitadi, ularga loyiha qilib beradi, faoliyatini moliyalashtiradi, qolaversa, mahsulotlarga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.

Yangi bankni moliyalashtirish va uning ishlash usullari “mutlaqo yangicha” bo‘ladi, deya ta’kidladi prezident.

Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Markazlar tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Hududlardagi kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning o‘zi, qolgan 45 foizi uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi. Kreditlar tadbirkorlarga 5−7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning 150 million dollari bo‘yicha kredit liniyalari 1-oktabrdan ochiladi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sug‘urtalash, xom-ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi.

Umuman, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.