Toshkent viloyati Qibray tumani hokimi o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislari vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda 17-avgust kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Xalq deputatlari Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ularning faoliyatiga huquqiy baho beriladi, “toza” chiqsa, keyin ishini davom ettiradi.

Shuningdek, tumandagi (huquq-tartibot idoralaridan tashqari) barcha davlat tashkilotlarining rahbarlari ham lavozimidan ozod qilinishi belgilandi. Ularning faoliyatiga ham bir hafta ichida baho beriladi.

Zoyir Mirzayev tumanda qariyb 20 ming fuqaro migrant sifatida xorijda bo‘lib turganini ta’kidlab, buni “Qibray uchun yarashmaydigan holat” deb atadi.

Tumanda olti oy yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari, o‘tgan yilga solishtirganda, ishlab chiqarish hajmi o‘zgarmagani, 8 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtagani aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, aholi soniga nisbatan 84 ta sartaroshxona, go‘zallik salonlari singari xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari taxchil. KPI tizimi bo‘yicha tuman mahallaridagi hokim yordamchilari umumiy 76 bal olgan, bu ko‘rsatkich viloyatda 13 o‘rin hisoblanadi.

“Salohiyatli tadbirkorlar Qibrayda oshkoralik, adolat bo‘lishiga ishonmaydi. Eksportyor korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘q. Natijada keyingi 2 yilda tumanda ishlayotgan 7 ta eksportyor korxona boshqa tumanlarga hisob raqamini ko‘chirib olib ketgan. Demak, ular bu yerdagi mutasaddilar bilan ishlashni xohlamagan” — dedi viloyat hokimi.

Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, Qibrayda qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida juda ko‘p qonunbuzarlik, boshboshoqlik bor va buni tartibga solish vaqti kelgan.

Shuningdek, viloyatda eng ko‘p umumiy ovqatlanish shoxobchalari Qibraydaligi, biroq ularning aksariyati rasman ishga olinmagani bandlik dasturlarining ijrosiga monelik qilishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, tumanda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, shu maqsadda tuman hokimi raisligida maxsus ishchi guruh tuzish kerakligi aytib o‘tildi.

Tumanda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining atigi 8 foizi qayta ishlanishi “og‘riqli masala” deya qayd etildi.

Viloyat hokimi kadrlar bilan ishlashning “Qibray tajribasi” joriy qilinishi bildirdi. “Bo‘shagan o‘rinlarga, tuman tashkilotlariga tanlov asosida yoppasiga yoshlar ishga olinadi. Qibrayga shu tariqa „yangi qon“ quyilmasa bo‘lmaydi”, — dedi hokim.

Hududda 4000 bola uchun bog‘chada joy yo‘qligi, maktabgacha ta’limga qamrov 67 foiz ekani ko‘rsatilib, bu Qibray uchun “sharmandali holat” deya baholandi. Qayd etilishicha, tumandagi 16 ta mahallada bittayam bog‘cha yo‘q.

“Tumanda murojaatlar bilan ishlash ayanchli, 1697 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan atigi 8 foizi ijobiy hal etilgan, xolos. 28 ta qabul, 128 ta fuqaro. Ya’ni bitta qabulda o‘rtacha 4 ta fuqaro qatnashgan. Hokim qabul o‘tkazsa, 4 nafar fuqaro kelibdi. Kim ishonadi bunga? Ko‘zbo‘yamachilik-ku bu?!” — dedi Zoyir Mirzayev.

Avvalroq Ohangaron tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan Muzaffar Rashidov Qibray tumani hokimi etib tayinlangani haqida xabar bergandik.