O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust, juma kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatida navbatdagi uchrashuvni o‘tkazadi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, yig‘ilish allaqachon boshlangan. Uchrashuvga iqtisodiyotning turli tarmoqlaridan biznes vakillari taklif etilgan.

“Davlat rahbari tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tadbir doirasida tadbirkorlarga davlat mukofotlarini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) va Savdo-sanoat palatasi 2000 dan ortiq tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini e’lon qilgan edi.

tadbirkorlar bilan muloqot

Respondentlarning 12 foizi xo‘jalik sudlari faoliyatiga qoniqarsiz baho bergan (Qashqadaryoda — 33 foiz, Toshkent shahrida — 26 foiz, Toshkent viloyatida — 24 foiz).

Shuningdek, so‘rovnoma qatnashchilarining 11 foizi elektr ta’minoti korxonalaridan (Toshkent viloyati — 23 foiz, Namangan viloyati — 23 foiz, Toshkent shahri — 18 foiz), yana 9 foizi gaz ta’minoti korxonalaridan (Namangan — 21 foiz, Surxondaryo — 17 foiz, Andijon — 15 foiz) norozi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning 45 foizi elektr ta’minotida uzilishlar (Namangan — 79 foiz, Toshkent — 64 foiz, Samarqand — 57 foiz), 17 foizi gaz bilan bog‘liq muammolar haqida ma’lum qilgan.

Respondentlarning 30−45 foizi elektr energiyasi, gaz va suv narxini 1,2 barobar oshirishga rozi.

tadbirkorlar bilan muloqot

So‘rovda qatnashganlarning 62 foizi soliq islohoti ularning faoliyatiga ijobiy, 8 foizi salbiy ta’sir ko‘rsatdi deb hisoblaydi. Murojaatlarning 3 foizi kontragentlar faoliyati bilan bog‘liq jarimalar haqida (Toshkentda — 7 foiz, Samarqandda — 5 foiz, Andijonda — 4 foiz). Tadbirkorlarning qariyb 8 foizi QQSni qaytarish muammosiga duch kelgan.

tadbirkorlar bilan muloqot

Respondentlarning 73 foizi kreditlar bo‘yicha yuqori foiz stavkalarini, 25 foizi — kredit olish uchun ko‘plab hujjatlar talab etilishi haqida gapirgan.

Tadbirkorlarning 22 foizi 6−7 milliard dollar kreditga muhtoj.