O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda tadbirkorlarga murojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yildagi soliq islohotlari va berilayotgan imtiyozlar tufayli tadbirkorlar ixtiyorida 120 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ qolgan.

“Qars ikki qo‘ldan chiqadi, degan gap bor. Hozirgi kunda mamlakatimizda “xufiyona iqtisodiyot”ning ulushi juda yuqori — 40 foizdan yuqori… Biz to‘g‘ri ishlayotgan, ish o‘rinlari yaratayotgan, ilg‘or texnologiyalarni joriy etayotgan, yangi mahsulotlar ishlab chiqarayotgan biznes vakillari uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Lekin takror aytaman, sizlar ham ko‘rib turibsizlar xufiyona, ochiqqa chiqmagan, soliq to‘lamagan odamlar yonlaringda yuribdi. U bizga do‘st emas, u iqtisodiyotimizga ham, bizga ham dushman”, — dedi prezident.

“Sizlar ham agar bunga befarq bo‘lmasdan, ularniyam to‘g‘ri yo‘lga solishga davlatga, prezidentga ko‘makdosh bo‘lishinglar kerak. Ularga ham sizlar aytishilar kerak „Meni ko‘rib turibsanku, ochiq ishlayapman, lekin sen raqobatga tayyor bo‘lmay, soliq to‘lamay, yopiq ishlab, konvert bilan ishlayapsan“ [deb]. Shunday tadbirkorni ko‘rib turibsizlar sizlar ham, lekin aytmayapsizlar”, — deydi u.

“Bu faqat siyosatga emas, xalqimizga xiyonat, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin солиқлардан qochib, o‘zining majburiyatlarini bajarmasdan kelayotgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarga biz albatta murosasiz bo‘lamiz. Sizlar ham shuni qo‘llab-quvvatlasangiz — jamiyat o‘zgaradi”, — dedi davlat rahbari.