Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatishni ta’minlash belgilangan. Shunga qaramay, 2023-yilning birinchi yarmida Xorazm, Jizzax, Namangan, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlarining birorta sessiya jonli efirga uzatilmadi, deya xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Agentlik mazkur tartibning mahalliy kengashlar tomonidan 2023-yil birinchi yarim yilligida ijro etilishi holatini tahlil qilgan va bunda sessiyalar to‘g‘risida e’lon qilingan qisqa xabarlar yoki foto va videoreportajlar farmon talablari ijrosini ta’minlamaganlik sifatida baholangan. Shuningdek, masofaviy monitoring tartibida translyatsiyalarning sifati va to‘liqligi o‘rganilgan.

2023-yil 6 oy davomida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan jami 102 ta sessiya o‘tkazilgan. Ulardan 40 tasi, ya’ni 39 foizi mahalliy telekanallar yoki internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan.

Xorazm, Jizzax, Namangan, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan 2023-yil 6 oy davomida o‘tkazilgan birorta sessiya jonli efirga uzatilmagan.

O‘rganish davomida jonli efirga uzatilmagan sessiyalar aksariyati viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida (Facebook, Instagram, Telegram) xabar va yangilik sifatida e’lon qilib kelingani ma’lum bo‘lgan.

jonli эфир, xalq deputatlari kengashlari

Tuman va shahar kengashlari

2023-yil birinchi yarim yilligida xalq deputatlari shahar va tuman kengashlari tomonidan respublika bo‘yicha jami 1676 ta sessiya o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 405 tasi, ya’ni 24 foizi mahalliy telekanallar yoki internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan.

Jumladan,

  • Farg‘ona viloyatida 16 ta (Bag‘dod, Dang‘ara, Farg‘ona tumani, Farg‘ona shahri, Furqat, Marg‘ilon shahri, O‘zbekiston, Qo‘qon, Oltiariq, Qo‘shtepa, Quvasoy shahri, Yozyovon, Quva, Rishton, So‘x, Uchko‘prik);
  • Toshkent viloyatida 13 ta (Angren shahri, Bo‘ka, Chinoz, Chirchiq shahri, Nurafshon shahri, Oqqo‘rg‘on, Parkent, Quyi Chirchiq, Toshkent tumani, Yangiyo‘l shahri, Yangiyo‘l, Yuqori Chirchiq, Zangiota);
  • Namangan viloyatida 11 ta (Davlatobod, Kosonsoy, Mingbuloq, Namangan tumani, Norin, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Chortoq, Chust, Namangan shahri);
  • Toshkent shahrida 11 ta (Bektemir, Chilonzor, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sirg‘ali, Shayxontohur, Uchtepa, Yakkasaroy, Yangihayot, Yunusobod);
  • Xorazm viloyatida 10 ta (Bog‘ot, Gurlan, Qo‘shko‘pir, Shovot, Urganch shahri, Urganch, Xiva shahri. Xiva, Yangiobod, Yangibozor);
  • Andijon viloyatida 10 ta (Xonobod shahri, Andijon tumani, Asaka, Baliqchi, Buloqboshi, Bo‘ston, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa, Ulug‘nor, Paxtaobod);
  • Jizzax viloyatida 6 ta (Sharof Rashidov, G‘allaorol, Zomin, Zarbdor, Jizzax shahri, Paxtakor);
  • Qashqadaryo viloyatida 6 ta (G‘uzor, Kitob, Qarshi shahri, Nishon, Koson, Yakkabog‘);
  • Buxoro viloyatida 5 ta (Buxoro shahri, Shofirkon, Jondor, Peshku, Kogon);
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta (Nukus shahri, Qorao‘zak, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Xo‘jayli);
  • Sirdaryo viloyatida 4 ta (Guliston shahri, Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo tumani);
  • Navoiy viloyatida 3 ta (G‘ozg‘on shahri, Karmana, Tomdi);
  • Surxondaryo viloyatida 1 ta (Sariosiyo);
  • Samarqand viloyatida 1 ta (Bulung‘ur) xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari umuman jonli translyatsiya qilmagani ma’lum bo‘ldi.

Jonli efirga uzatilmagan aksariyat sessiyalarni tuman (shahar) hokimligi rasmiy veb-sayt yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda (Facebook, Instagram, Telegram) xabar va yangiliklar shaklida e’lon qilish bilan kifoyalangan.

jonli эфир, xalq deputatlari kengashlari

Ma’lumot o‘rnida, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlariga, tuman va shahar hokimlariga jami 16 ta Tracker avtomashinasini xarid qilish uchun 4 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. Viloyat hokimi Akmal Mahmudaliyev 12-iyul kuni (ko‘plab viloyatlardan farqli ravishda) jonli efirda bo‘lib o‘tgan viloyat kengashi sessiyasida yangi avtomobillar xarid qilish nima uchun kerakligini tushuntirgandi.