Qirg‘izistonning Issiqko‘l sohilidagi to‘rtta pansionat 49 yil davomida O‘zbekiston tasarrufida bo‘ladi. Bu haqda “Azatik” radiosi Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish agentligi direktori Kanatbek Turg‘unbekovga asoslanib xabar bermoqda.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya bir kun avval hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida “Enesay” (sobiq Dilorom) pansionatini ko‘zdan kechirdi.

Turg‘unbekovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston pansionatlarning har biriga 15−20 million dollardan sarmoya kiritmoqchi.

“„Dilorom“, „Zolotыye peski“ va „Rohat“ pansionatlariga sarmoya jalb qilish masalasi bor. Ya’ni sarmoya jalb qilsagina boshqaradi”, — dedi u Tazabek nashriga bergan intervyusida.

“Bu ishlaydigan joylar, 4−5 yulduzli mehmonxonalar. Hammamiz xursand bo‘lamiz. Kelib qurishsin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Foto: Qirg‘iziston hukumati.Foto: Qirg‘iziston hukumati.

Xronologiya

2016-yilda Qirg‘izistonning sobiq bosh vazir Temir Sariyev boshchiligidagi hukumati Issiqko‘lda O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan to‘rtta pansionatni milliylashtirishga qaror qildi. Bular: “Rohat-NBU” (keyinchalik nomi “Oltin-Jay” deb o‘zgartirildi), “Zolotыye peski” (“Bosteri”), “Dilorom” (“Enesay”) va “Bo‘ston” (nomi saqlanib qolgan).

O‘zbekiston xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bergandi. 2017-yilda Qirg‘iziston ushbu to‘rtta pansionat joylashgan yer uchastkalarini O‘zbekistonga vaqtincha foydalanishga bergani xabar qilingan edi. Keyin O‘zbekiston tomoni Xalqaro arbitraj sudidan da’voni qaytarib olishi ko‘zda tutilgan edi.

Biroq 2019-yilning may oyida Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston bilan shartnoma imzolanmagani haqida xabar bergan edi. Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, pansionatlarni “Mulk” davlat korxonasi boshqaradi.

2020-yil fevral oyida Davlat mulk jamg‘armasi sog‘lomlashtirish markazlarini xususiy investorlarga berish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Departament uchta pansionatni “davlat tasarrufida qoldirgan holda” xususiy boshqaruvga berishni rejalashtirgan. Davlat mulki jamg‘armasi bunday qarorni pansionatlar ayanchli ahvolda ekanligi bilan izohladi.

O‘zbekiston Milliy banki, “Asaka” bank, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Toshkent mexanika zavodi” 2020-yil fevral oyida pansionatlar Qirg‘iziston tomonidan o‘zbek shirkatlaridan noqonuniy ravishda tortib olingani va sotilishiga qarshi chiqqani haqida ma’lum qildi. Milliy bank “Rohat-NBU” pansionati, Asaka — “Dilorom” pansionati, “O‘zsanoatqurilishbank” — “Bo‘ston”, TMZ — “Zolotыye peski” pansionatlariga egalik qilgan va boshqargan.

2019-yil 1-may kuni sud O‘zbekistonga tegishli tashkilotlar foydasiga qaror chiqardi va nizo bo‘yicha uning yurisdiksiyasini tasdiqladi. Sud jarayoni da’voni mohiyatan ko‘rib chiqishga tayyorgarlik bosqichida edi, ammo u qanday yakunlangani noma’lum.