Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hozirgi kunda Toshkent shahrida 48 ming 976 nafar talabaning turar joyga ehtiyoji mavjudligi va ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to‘g‘ri kelayotganini ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 1-iyul holatiga 4702 o‘rinli 12 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda 24 394 o‘rinli 51 ta talabalar turar joyini qurish ishlari davom etmoqda.

Yangi o‘quv yili boshlanishigacha respublika bo‘yicha jami 6400 o‘rinli 11 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shundan Toshkent shahri talabalar shaharchasi hududida jami 3 ta 1800 o‘rinli (O‘zbekiston milliy universiteti uchun 1 ta 400 o‘rinli, Toshkent davlat texnika universiteti uchun 1 ta 800 o‘rinli hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi uchun 1 ta 600 o‘rinli) talabalar turar joyida qurilish, ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanadi.

Prezidentning 2023-yil 28-fevraldagi farmoniga muvofiq, yil yakunigacha davlat dasturida belgilangan 18 ming o‘rinli talabalar turar joylari ham to‘liq qurib bitkazilishi aytilgan.

“Hozirda Toshkentda 48 976 nafar talabaning (30 foiz) turar joyiga ehtiyoj mavjud bo‘lib, ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to‘g‘ri keladi. Tyutorlar (oliy ta’lim muassasalarida talabalar guruhlariga biriktirilgan mas’ul xodim) orqali bu talabalar bilan suhbatlashilganda 23 774 nafar talaba (2, 3, 4-kurslar) Toshkent shahrida ijara xonadoni mavjud ekanini ma’lum qilgan. Ya’ni ularning aksariyati avvaldan yashab kelayotgan ijara uylarini saqlab qolishgan yoki oldindan ijara uylarini band qilib qo‘yishgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shu holatda ijara xonadonlariga joylashishga ehtiyoji bo‘lgan, yotoqxonadan joy berilmagan, o‘z uyi, yaqin qarindoshi mavjud bo‘lmagan va ijara xonadoni ham aniq bo‘lmagan talabalar 25 202 nafarni tashkil etmoqda.

Qayd etilishicha, ana shu tahlillardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarida barcha tyutorlarni to‘liq jalb qilgan holda mahalla raislari bilan hamkorlikda bo‘sh turgan ijara xonadonlar aniqlangan. Uy egalari bilan birma-bir suhbatdan keyin jami 8438 ta ijara xonadonining manzilli ro‘yxatlari shakllantirilgan.

“Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur xonadonlarga 24 254 nafar talabani joylashtirish imkoni mavjud. Ayni paytda qolgan 948 nafar talabaga qo‘shimcha ijara uylarini topish ishlari davom etmoqda”, — deya qayd etgan vazirlik.

Shuningdek, Toshkent shahri hokimligi bilan hamkorlikda bo‘sh turgan ijara xonadonlarining ta’mirlanishi va jihozlanishi ko‘zda tutilgan. Hozirda bo‘sh turgan ijara xonadonlari to‘g‘risidagi manzilli ro‘yxat barcha talabalarga yetkazilmoqda. Ularga joylashgan talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish ishlari amaldagi tartib asosida davom ettiriladi.

Bunda talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 ming so‘m) miqdorida to‘lanadi.

Shu tartibda yangi o‘quv yilida talabalarni ta’mirlangan va bo‘sh turgan ijara xonadonlariga joylashtirish ishlari tashkil etiladi va kirish imtihonlari yakunlanishi bilan, ya’ni 20-avgust kunlari talabalar qayerda yashashi mumkinligi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishi ta’minlanadi.

Bugungi kunda talabalar turar joyi bilan to‘liq ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalari mas’ullari tomonidan yangi topilgan ijara uylari (ro‘yxat bo‘yicha taxminiy tanlov asosida) hamda ijara uylari haqidagi ma’lumotlar (manzili, xonadon egasining ism-sharifi, telefoni, ijara uyining narxi ko‘rsatilgan holda) e’lon qilingan infokiosklar tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda O‘zbekistondagi OTMlarda ta’lim olayotgan 211 ming nafar talabaning turar joyga ehtiyoji borligi, shundan faqat 91 ming talaba yotoqxonaga joylashishi mumkinligi xabar qilingandi.

“Turar joyga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan”, — degandi o‘shanda sobiq oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov.