Toshkent shahrida 2022-yil iyul oyiga nisbatan uy-joylarning o‘rtacha narxi 30,9 foizga oshdi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining iyul oyidagi ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha sharhida.

“O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida vaziyat barqaror, bitimlar o‘sishda davom etmoqda. Uy-joy ijarasi segmentidagi umumiy faollik pasayishni sekinlashtirdi. Ehtimol, avgust-sentabr oylarida mavjud talab talabalar toifasi bilan to‘ldiriladi, bu esa ushbu segmentga qiziqishni oshiradi”, — deyiladi sharhda.

Iyul davomida ko‘chmas mulkni oldi-sotdi bitimlari soni deyarli 25 mingni tashkil etdi va bir oy oldingiga nisbatan 5,5 foizga ko‘p bo‘ldi. Eng katta o‘sish Andijon (19,5 foiz), Sirdaryo (16,8 foiz) va Jizzax (16,5 foiz) viloyatlarida qayd etildi. O‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan uy-joy savdosi 22,7 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (96 foiz), Buxoro (48 foiz) va Sirdaryo (35 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Toshkentdagi uy-joylar ijarasi

Iyul oyida Toshkentda kvartiralarni ijaraga berish narxining pasayishi sezilarli darajada sekinlashdi. Iyun oyida ijara bozori 2,4 foizga pasaygan bo‘lsa, iyul oyida bu pasayish 0,7 foizni tashkil etdi va 1 kvadrat metr uchun 8,7 dollardan oshmadi.

1 kvadrat metr uchun uy-joy ijarasining eng yuqori narxlari Mirobod (11,7 dollar), Yakkasaroy (10,7 dollar) va Shayxontohur tumanlarida (10,5 dollar) kuzatilgan. Eng past narxlar Uchtepa (7,1 dollar), Sergeli (6,4 dollar) va Bektemir (5,6) tumanlari bo‘lib turibdi.

Toshkentda o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga oshgan bo‘lsa-da, yil boshidan buyon o‘rtacha ijara narxi deyarli 15 foizga kamaygan.

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori

Iyul oyida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxining o‘sishi davom etdi. Kvadrat metr uchun o‘rtacha narxi iyun oyida 0,8 foizga oshgan bo‘lsa, iyulda 1,8 foizga yetdi.

Ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 2023-yil boshidan buyon 13 foizga oshdi, eng katta o‘sish fevral oyida qayd etildi — 4,5 foiz. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan narxlar 23,3 foizga oshgan.

Poytaxtning ikkilamchi bozorida narxlar yil davomida 15,6 foizga oshdi. Fevral oyida ikkilamchi uy-joy narxining o‘sishi eng yuqori bo‘lgan — 3,8 foiz, eng past ko‘rsatkich iyun oyida qayd etilgan — 0,7 foiz.

Oy davomida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 1,8 foizga oshdi. Narxlarning eng yuqori o‘sishi Shayxontohur (3,3 foiz), Yakkasaroy (2,9 foiz) va Bektemir (2,6 foiz) tumanlarida qayd etildi.

2022-yil iyul oyiga nisbatan Toshkent shahrida uy-joylarning o‘rtacha narxi 30,9 foizga oshdi. 2022-yilning mos davridan boshlab uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Namangan shahrida (35,3 foiz), Toshkent viloyatida (32,3 foiz) va Toshkent shahrida (30,9 foiz) kuzatildi.

ijara narxlari, иқтисодий tadqiqotlar va islohotlar маркази, uy-joy bozori

Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov regulyator Toshkent ko‘chmas mulk bozoridagi pufak oqibatlarini yumshatish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlari miqdoriga yuqori chegara qo‘yilganini ta’kidlagandi.

Markaziy bank 2022-yil uchun Moliyaviy barqarorlik sharhida bir qator omillar natijasida Toshkent shahri uy-joy narxlarining bozor va fundamental qiymatlari o‘rtasidagi farq 2022-yil IV choragida 210 mln so‘mga (kuzatuv davri davomidagi o‘zining eng yuqori qiymatiga) yetganini ma’lum qilgandi. 2022-yilda uy-joylarning bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi farq 2021-yilga nisbatan 1,6 barobarga oshgan.