Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bolalikning dastlabki davridagi ta’lim va rivojlanish o‘zaro tengsizliklarni bartaraf etishga va katta hayot davri farovon bo‘lishi ehtimolini oshirishga yordam beradi. Biroq O‘zbekistonning ko‘plab chekka hududlarida oilalar uzoq yillar davomida maktabgacha ta’lim muassasalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan. YUNISEFning O‘zbekistondagi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sitsi Singizi “Gazeta.uz”ga bergan kolonkasida Namangan viloyatining chekka qishloqlaridan birida ochilgan maktabgacha ta’lim muassasasi misolida ushbu muassasalardan teng foydalanishni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritgan.

Qadimiy minoralar mamlakatida eng katta, eng baland va eng chiroyli minora qurish bo‘yicha musobaqa bo‘lyapti! Shabnam G‘iyosova (6 yosh) Imona Mahmudjonova (6 yosh) bilan raqobatlashmoqda. Imona g‘alaba qozonadiganga o‘xshaydi.

maktabgacha ta’lim, юнисеф

Shabnam (chapda) va Imona. Foto: YUNICYeF.

Shabnam bundan xafa emas. U xotirjam, ehtiyotkor va ishini tugatishga shoshilayotgani yo‘q. Shabnam qurilish bloklarini yaxshi ko‘radi. Minorasini ishtiyoq bilan qurayotgani buning isbotidir.

Shabnam o‘ychan va zukko qiz. Uning eng yaqin dugonasi Ruxshona Salohitdinova (6 yosh) “Bo‘g‘irsoq” ertagida bosh rolni o‘ynab, hammani maftun qilganida tulkiga aqlli bo‘g‘irsoqni “yeyish” kerakligini birgina u eslatadi. Shabnam aqli va zukkoligi bilan tengdoshlari orasida ajralib turadi.

Har doim ham shunday emas edi.

Bundan bir necha yil avval Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan chekka “O‘zbekiston”qishlog‘ida maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘q edi. Bu yerda ota-onalarning aksariyati dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Shabnam uyda o‘tkazgan uzoq kunlarini shunday eslaydi: “Men uyda shunchaki o‘tirar edim. Bu juda zerikarli edi. Hozir men bog‘chaga boraman, do‘stlarim bilan o‘ynayman, yozishni yaxshi ko‘raman, bloklar bilan o‘ynayman va men uchun Lego eng zo‘r o‘yin”. Faqatgina Shabnam yemas, balki tengdoshlarining ko‘pchiligi uchun ham ushbu markaz tashkil etilishidan avval maktabgacha ta’lim imkoniyatlari cheklangan edi.

U muqobil bog‘chaga ertalab keladigan 20 nafar tarbiyalanuvchilardan biri. Yana bir guruh, taxminan 20 ta bola, tushdan keyin keladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotiga mahalliy kollejning bir qanotidan joy berildi. Men O‘zbekistonda ko‘rayotgan ko‘pchilik bolalardan farqli o‘laroq, bularning ko‘pchiligida qimmatbaho kiyimlar yo‘q. Qizil-sariq forma kimningdir bo‘yiga to‘g‘ri kelmagan, lekin hamma uni g‘urur bilan kiyadi.

Bolalar o‘z guruhida o‘tkazgan vaqtidan — qo‘g‘irchoq teatri, sahna ko‘rinishlari va musiqa mashg‘ulotlaridan zavqlanadi.

maktabgacha ta’lim, юнисеф

Foto: YUNISEF.

Bunday muloqot bebahodir, u o‘yin orqali bolalarning ongi rivojiga turtki beradi, O‘zbekiston inson kapitali uchun mustahkam asos yaratadi.

Bu oddiy lahzalar O‘zbekiston ta’lim tizimi g‘alabasining bir qismidir. Hayotning birinchi besh yili inson eng tez o‘sadigan va rivojlanadigan davr ekanini, inson miyasi rivojlanishining 90 foizi besh yoshga to‘lgunga qadar sodir bo‘lishini e’tirof etgan holda, mamlakat bolaning erta yoshdagi rivojlanishiga muhim sarmoya kiritdi. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy himoyaga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan bolalar uchun bunday investitsiyalar kambag‘allikni tugatishga, tengsizlikni bartaraf etishga va kelajakda mehnat samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Misli ko‘rilmagan siyosiy iroda bo‘lgani bois erta yoshdagi bolalar ta’limiga katta davlat resurslari ajratildi. 2018-yildan beri maktabgacha ta’lim sohasiga kiritilgan milliy investitsiyalar 3 barobar ko‘paydi va ma’lum vaqtga kelib ta’lim uchun ajratilgan mablag‘ davlat budjetining 20 foizidan ortig‘ini tashkil etdi. Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yilda 30 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022-yilda 69 foizdan oshdi.

Bundan tashqari, muqobil modellar, jumladan, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari joriy etildi, natijada 2018-yildan beri 21 600 dan ortiq bunday tashkilotlar foydalanishga topshirildi.

Qo‘yilgan maqsadga erishish va maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnash borasidagi tengliksizlikni bartaraf etish uchun bolalarni erta yoshda rivojlantirishning muqobil markazlari barpo etildi. Ular ko‘pincha maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lmagan joylarda ochildi. Shabnam qatnaydigan markaz ham shulardan biri. Bunday xizmatlar kambag‘al oilalar uchun ijtimoiy himoyaning muhim qismlaridan biridir. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, erta yoshdagi bolalar rivojlanishi va ta’limi tengsizlikni yengib o‘tishga va kelgusi hayotda yuqori daromad olishga yordam beradi.

Bu natija bermoqda. Shabnam kabi bolalar erta yoshda rivojlanish va ta’lim olish xizmatlaridan bepul foydalanishadi. Ular asosan maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan oilalarning farzandlaridir.

Bu kabi muqobil markazlarning ochilishi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanish imkonini berdi, qamrov sezilarli darajada oshdi. Masalan, Shabnam boradigan markaz joylashgan Namangan viloyatida qamrov oldin 24 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 70 foizga yetdi. Viloyatda bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan qamrab olishni yil oxirigacha 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Erta ta’limga sarmoyalar behuda ketmaydi. Ularning foydasi yuqori. Dalillar erta bolalik davrida ta’limga sarflangan har bir dollar 9 barobar ko‘payib qaytishini ko‘rsatadi. Bu raqamlar juda ta’sirli, biroq ularni bolalarda shakllanadigan kognitiv, ijtimoiy, hissiy, til va jismoniy ko‘nikmalar bilan solishtirib bo‘lmaydi, chunki ular bolalar kelajakda akademik va ijtimoiy muvaffaqiyatlarga erishishi uchun zamin hozirlaydi.

Hukumatning erta yoshdagi ta’limni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun so‘nggi besh yil ichida YUNICYeF qariyb 2 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi. Natijada yangi qonunlar, milliy siyosat va rejalar, ma’lumotlarni yig‘ish mexanizmlari ishlab chiqildi va erta yoshdagi ta’lim sifati yaxshilandi. YUNICYeF erta yoshdagi ta’limni rivojlantirish standartlarini qayta ko‘rib chiqish, maktabgacha ta’lim dasturini ishlab chiqish va pedagoglarni tayyorlash orqali ham ushbu sohaga hissa qo‘shdi. Muqobil modellarni joriy etish, bolalar, ota-onalar va o‘qituvchilarga mo‘ljallangan raqamli yechimlarni muntazam tatbiq etish hisobiga xizmatlar miqyosi kengaydi.

Mazkur sohadagi qat’iy davlat siyosati hamda ko‘p tomonlama hamkorlik tufayli 2022-yilda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan qariyb 2 million bola sifatli maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.

Hukumat o‘z oldiga 2030-yilgacha barcha bolalarni maktabgacha ta’limga jalb etish bo‘yicha yangi ulkan maqsad qo‘ydi. Unga erishish uchun qo‘shimcha maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ko‘proq sarmoya kiritish, ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarni tayyorlash tizimini yangi kasbiy standartlar asosida takomillashtirish zarur.

“O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan o‘zgarishlar uchun maktabgacha ta’lim naqadar muhim ekanligini e’tirof qilish hamda ushbu sohada misli ko‘rilmagan daraja qilinayotgan sa’y-harakatlar yuksak bahoga loyiqdir”, dedi YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.