14-avgust kuni Dog‘iston Respublikasi poytaxti Maxachqal’a shahrida joylashgan yonilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi va 75 kishi jarohatlandi. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib, Meduza nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 21:50 atrofida Novokuli qishlog‘idagi Kulinskaya ko‘chasi va Federal shosse kesishgan chorrahada joylashgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va yong‘in yonilg‘i quyish shoxobchasi hududiga o‘tgan.

Shoxobchadagi sakkizta yonilg‘i bakidan ikkitasi portlagan. Yong‘in maydoni 600 kvadrat metrni tashkil etgan va uch soatda o‘chirilgan. Yong‘inni o‘chirishga 70 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 20 dan ortiq texnika jalb qilingan. Voqea joyida 200 ga yaqin politsiyachi ham bo‘lgan. Dog‘iston rahbarining ta’kidlashicha, favqulodda xizmat xodimlarining harakatlari tufayli “birinchi portlashdan omon qolgan yonilg‘i rezervuarlarining alangalanishi va portlashining oldi olingan”.

доғистон, махачқалъа, motam, portlash

Portlash va yong‘inning aniq sabablari o‘rganilmoqda. Voqea yuzasidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish va ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dog‘iston rahbari halok bo‘lganlarning oilalariga Respublika zaxira fondidan moddiy yordam sifatida har biriga 1 million rubldan to‘lanishini ma’lum qildi. Og‘ir va yengil tan jarohati olgan fuqarolarga tegishli ravishda 400 va 200 ming rubl miqdorida tovon to‘lab beriladi.

15-avgust butun Dog‘istonda motam kuni deb e’lon qilindi. Shu sababli davlat bayroqlari tushiriladi, madaniyat muassasalari va telekanallarga ko‘ngilochar tadbirlar va dasturlarni bekor qilish tavsiya qilingan.