Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillarining qo‘shimcha partiyasi bo‘yicha shartnomalar to‘liq to‘landi, deb xabar qildi UzAuto Motors matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

4-avgust kuni soat 17:30 da kompaniya avtomobillar uchun shartnomalar chiqarish qayta tiklangani va yangi konfiguratsiyalar joriy etilganini, 5-avgust kuni soat 15:57 da esa 2023-yil uchun qo‘shimcha partiyaga to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qildi.

Bir sutkadan kamroq vaqt ichida ushbu transport vositalarini xarid qilish bo‘yicha 50 mingdan ortiq shartnoma tuzildi. Ko‘pgina avtosalonlarda ushbu mashinalarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun uzun navbatlar paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, shartnomalarning bir qismi bo‘yicha to‘lov 7 kalendar kundan keyin amalga oshirilmasa, ushbu shartnomalar yana qayta kontraktatsiya uchun ochiq bo‘ladi. Biroq shartnomalar to‘liq to‘langan. 4-avgust kunidan boshlab deyarli 51 000 ga yaqin Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov amalga oshirilgan. Bu UzAuto Motors zavodlarining 2023-yil oxirigacha ishlab chiqarish rejasi bilan muvofiq.

“Kompaniya ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq savdo tizimini joriy etgani sabab, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha barcha avtomobillar 2023-yilda o‘z egalariga topshiriladi. Keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmaydi”, — deyiladi xabarda.

Kutish vaqtini uzayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2024-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar kontraktatsiyasi haqida keyinroq kompaniya rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi.

Cobalt, Lacetti va Damas uchun shartnomalar berish bir kunda to‘xtatilganidan so‘ng internetda ushbu avtomobillar bo‘yicha shartnomalarni sotish to‘g‘risidagi e’lonlar paydo bo‘ldi. UzAuto Motors bunday shartnomalarni xarid qilmaslikka chaqirdi. Olib-sotarlar uchun mashina berish vaqti 270 kungacha uzayishi mumkin.