Ijtimoiy tarmoqlarda 12-avgust kuni Toshkent shahridagi ichki ishlar bo‘limida qo‘lga olingan 33 yoshli U.D. vafot etgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, erkak soat 21:00 da uyidan olib ketilgan, soat 1:00 da jasad o‘likxonaga yuborilgan. Shifokorlar uning kasallik tufayli vafot etganini bildirsa-da, marhumning yaqinlari uning qiynoqqa solinganini aytmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda qiynoqlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan IIB xodimining ismi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi dushanba kuni erta tongda holat bo‘yicha munosabat bildirdi, unda o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olingan shaxsning o‘limi haqidagi ma’lumot tasdiqlangan.

Bayonotda aytilishicha, qo‘lga olingan U.D. Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi (Qamoqda saqlash joylari)ga asosan bayonnomani rasmiylashtirish chog‘ida o‘zini yomon his qilayotganini aytib, to‘satdan yiqilib, hushini yo‘qotgan.

Tez yordam chaqirilgan, IIO xodimlari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan, biroq tez yordam kelguniga qadar U.D. vafot etgan, deyiladi xabarda.

Birlamchi tashxisga ko‘ra, gumonlanuvchining o‘limiga jigar sirrozining og‘ir stadiyasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgan, deya ta’kidladi IIBB.

Toshkent shahri prokuraturasi gumonlanuvchining o‘limi yuzasidan surishtiruv ishlarini boshladi. O‘lim sabablarini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Marhum va boshqalar nimada gumon qilinmoqda?

Toshkent shahri hududida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan uyushgan jinoiy guruhning jinoiy faoliyatini fosh etish yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi IIBB. Harakatlar JKning 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib odam o‘g‘irlash), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borilmoqda.

Xabarda aytilishicha, 29-iyul kuni soat 22:00 atrofida Toshkent shahridagi “Birodarlar qabristoni” xiyoboni yonida 7−8 kishidan iborat ushbu guruh M.R.ni urib, majburan mashinaga o‘tqazib, noma’lum manzilga olib borib, ushlab turgan. Unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilgan. Shuningdek, Turkiyada bo‘lgan noma’lum shaxslardan 860 ming dollar qarz olgani haqida majburlab tilxat yozdirib olgan", — deyiladi IIBB xabarida.

Tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, iyun oyida xuddi shu guruh a’zolari Turkiyada noma’lum manzilda tadbirkor M.R.ni ikki kun davomida ushlab turgan. Aytilishicha, ular bu shaxsga bosim o‘tkazib, uning ota-onasiga tegishli Qibray tumanidagi 300 ming dollarlik ikkita uyni guruh a’zolari nomiga rasmiylashtirib olishga erishgan.

Jinoiy guruhning tajovuz va tazyiqlaridan qo‘rqib, M.R. sodir bo‘layotgan voqeani huquq-tartibot idoralariga ham, tibbiyot muassasalariga ham bildirmagan, deyiladi xabarda. 31-iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashgani sababli bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng yanoq suyagi sinishi, tanasida ko‘plab shilingan jarohatlari tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida jinoiy guruhga aloqadorlikda gumon qilingan ikki nafar shaxs — marhum U.D. (1990-yilda tug‘ilgan, muqaddam JKning 164-moddasi (Bosqinchilik) va 166-moddasi (Talonchilik) bo‘yicha sudlangan) va 1991-yilda tug‘ilgan F.X. (muqaddam 168-modda (Firibgarlik) va 176-modda (Qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan sudlangan) qo‘lga olingan.

Hozirda jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.