12-avgust kuni tushdan keyin Toshkentda aeroport yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini bir vaqtning o‘zida qulab tushgandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 3 nafar mansabdor ushlandi, deya xabar bermoqda Transport prokuraturasi matbuot xizmati.

Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidan Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi hamda Sodiq Tolipov ko‘chasiga chiqish-tushishiga imkon beruvchi yo‘l o‘tkazgichni qayta qurish obyektida uzunligi 42 metrlik 5 dona to‘sin (balka)lar qulab tushgan. Buning oqibatida 2 mlrd 760 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 3 nafar mansabdor shaxs gumonlanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi hodisa natijasida hech kim jabr ko‘rmagani, to‘sinlar tushgan relslar esa vagon omboriga eltishini hamda holat poyezdlar harakatiga ta’sir qilmaganini bildirgandi.

Ma’lumot uchun, amalga oshirilayotgan loyihaning to‘liq nomi — “Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “Bobur” ko‘chasidan Islom Karimov nomidagi “Toshkent xalqaro aeroporti”ga olib boruvchi va “Sodiq Tolipov” ko‘chasiga chiqish va tushishga imkon beruvchi yo‘l o‘tkazgichni zamonaviy qurilish standartlari asosida qayta qurish”.

“Gazeta.uz” iyul oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tanishgan rekonstruksiya loyihasi haqida batafsil ma’lum bergandi.