11-avgust kuni Bahodir Rahmatullayevich Xoliqov Rishton tumaniga, Shukurulloxon Xolmatxonovich Nisbatxonov esa Marg‘ilon shahriga hokim etib tayinlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq deputatlari Rishton tumani kengashining viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Bahodir Xoliqovni hokim etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimi qarori deputatlar tomonidan ma’qullangan.

2019-yildan beri tuman hokimi bo‘lib ishlab kelgan Sufhonjon Soliyev Shavkat Mirziyoyevning 27−28-iyul kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun lavozimidan ozod qilingandi.

Bahodir Xoliqov 1972-yilda Rishton tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodiy kibernetika yo‘nalishida tamomlagan.

Uzoq yillar davomida soliq tizimida turli lavozimlarda ishlagan, Marg‘ilon, Quvasoy va Farg‘ona shaharlari Davlat soliq inspeksiyalari boshlig‘i bo‘lgan. Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi Farg‘ona viloyati bo‘limiga rahbarlik qilgan. 2019−2020-yillarda Quvasoy shahri hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i, 2020−2021-yillarda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib faoliyat olib borgan.

2021−2022-yillarda Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i, 2022−2023-yillarda viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Shuningdek, tayinlov Marg‘ilon shahrida ham amalga oshirildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Shukurulloxon Nisbatxonov nomzodi Marg‘ilon shahri deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2022-yil aprel oyidan beri Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Nisbatxonov shahar hokimi etib tasdiqlandi.

2020-yildan beri shahar hokimi bo‘lib ishlab kelgan Adham Ziyavitdinov ham Rishton hokimi bilan bir paytda ishdan olingandi. “Gazeta.uz” prezident ishdan olganini aytgandan bir kun o‘tib uning o‘z yordamchisi va kotibini rag‘batlantirish bo‘yicha farmoyish chiqarganiga e’tibor qaratgan. E-qaror.gov.uz portaliga joylashtirilib, so‘ngra yashirib qo‘yilgan farmoyishni viloyat prokuraturasi o‘rganayotgandi.

Tayinlov paytida Marg‘ilonning ta’lim sohasida respublika bo‘yicha eng past natijalardan biriga ega ekani, shaharda bor-yo‘g‘i bir dona kutubxona mavjudligi qayd etildi.

Xayrullo Bozorov Marg‘ilonda yangi ish o‘rinlari yaratib, xorijda yurgan marg‘ilonliklarning qaytishi va munosib mehnat qilishlari uchun sharoit yaratish, tadbirkorlar uchun ishonch muhitini shakllantirish, xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, sanoatni rivojlantirish, hunarmandchilik va turizmni yangi bosqichga olib chiqish — Marg‘ilonda keskin ijobiy o‘zgarishlar qilish bo‘yicha yangi hokimga topshiriq berdi.

Shukurulloxon Nisbatxonov 1969-yilda Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan. Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini iqtisodchi mutaxassisligi bilan tamomlagan.

2000-yilgacha Yozyovon tumani davlat soliq inspeksiyasida turli mas’ul vazifalarda ishlagan. 2000−2010-yillarda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasida sektor boshlig‘i, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2010−2014-yillarda Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan.

2014−2019-yillarda Qo‘shtepa va Farg‘ona shahri davlat soliq inspeksiyalarida, Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2019−2020-yillarda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 2020−2022-yillarda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.