Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — san’at ommalashtiruvchisi, PR va kreativ bo‘yicha mutaxassis, Telegram`dagi “Paramadaniy” kanali muallifi Sardor Babayev.

Mutolaa haqida

Nima sababdan kitob o‘qishim haqida hech o‘ylamagan ekanman. Mutolaa insonni ma’nan yuksaltiradi, deb yozsam, ko‘zingizga o‘ta mulohazakor odamdek ko‘ringan bo‘lardim, ehtimol. Aslida menda oddiy sabab bor — kitob o‘qish qiziq, shuning uchun o‘qiyman. Agar mutolaa sizga qiziq bo‘lmasa, demak, qo‘lingizdagi kitob zerikarli.

Mayli, yana bir sabab keltiray. Mening nazarimda, adabiyot (fikshn ham, non-fikshn ham) — g‘oyalar manbai, har qanday kitob muallifning g‘oyalari, tushunchalari, tahlillari yig‘indisidir. Mening kasbim doimiy ravishda original g‘oyalarni yaratish ekan, kitob mutolaasi men uchun izlanish va o‘rganish orqali malakamni oshirish vositasiga aylangan.

Masalan, badiiy asar o‘qiyotib, muallif qanday qilib yechim, syujetli burilish yoki qiziqarli dialogni o‘ylab topgani haqida o‘ylayman. Bu xuddi kulol shogirdi, ustaning naqshli lagan yoki nafis ko‘za yasashini tomosha qilishiga o‘xshaydi. Ya’ni, bu nafaqat qiziqarli, balki foydali ham.

Shuning uchun men turli (janrlar, mualliflar, davrlarga mansub) kitoblarni o‘qiyman. Ikkinchidan, o‘qish uchun turli vositalar (oddiy qog‘ozli kitoblar, audiokitoblar va elektron riderlar)dan foydalanaman. Bu menga bir vaqtning o‘zida to‘rt-beshta kitob mutolaa qilish imkonini beradi (audiokitoblarni tanqid qiluvchilar uchun bir qiziq ma’lumot: o‘tmishda odamlar o‘qishni biladigan inson oldida to‘planib, kitoblarni tinglaganlar).

Shu bilan birga, men turli tillarda o‘qishni istardim. Lekin hozir, afsuski, faqat rus tilida o‘qish bilan cheklanib qolganman. Sababi, menda kitob o‘qishga juda katta qiziqish uyg‘ongan vaqtlar (taxminan 20 yilcha avval) men yoqtirgan biror xorijiy yozuvchining asari o‘zbek tiliga o‘girilmagan. Men Pelevin va Sorokin, Palanik va Uelsh, Faulz va Vonnegutlarni sevib o‘qirdim. Bizda bularning bari faqat ruschada bor edi.

Ayni vaqtda, o‘zbek tili rivoji uchun qayg‘urganim bois internetda o‘zbek tilida ko‘plab kontent yarataman va ona tilimni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarda jonu dilim bilan qatnashaman. 1990-yillar boshida bu masalaga davlat tomonidan e’tibor kuchayib, kutubxonalar propaganda kitoblari o‘rniga jahon bessellerlari bilan to‘ldirilganida edi, ehtimol, hozir butunlay boshqa O‘zbekistonda yashayotgan bo‘lardik.

So‘nggi o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Odatda kitoblarni turkumlab tanlayman. Shuning uchun ham so‘nggi bir yil ichida o‘qigan kitoblarimni quyidagi tartibda tavsiya qilmoqchiman.

Aka-uka Strugatskiylar. “Mir Poludnya” turkumi

Bu syujeti taxminiy XXI-XXII asrlarda kechadigan hikoya, qissa va romanlar turkumidir. Voqealarning bir qismi “kommunizm g‘olib chiqqan” Yerda, yana bir qismi esa koinot va boshqa galaktikalarda sodir bo‘ladi. Men ilgari hech qachon Strugatskiylarning asarlari bilan qiziqmagan edim. Lekin yaqinda qat’iy senzura sharoitida ilmiy va ijtimoiy-fantastik asarlar qanday yaratilgani, mualliflarning o‘zi sovet voqeligiga qanday munosabatda bo‘lganligiga qiziqib qoldim.

“Trudno bit bogom” va “Obitayemiy ostrov” qissalarida “yorqin kommunistik kelajak” odamlari qashshoqlik, genotsid va diktatura avj olgan sayyoralarga tushib qoladi. Qahramonlar begona sayyoraning ichki ishlariga aralashish yoki minglab begunoh aholining qatag‘on qilinishiga jim qarab turish kabi qiyin axloqiy va falsafiy tanlov oldida qoladi.

Bir qarashda Strugatskiylar o‘z asarlarida kommunizm g‘oyalarini ulug‘laydi, lekin men butun turkumni o‘qiy boshlaganimda, sovet tuzumiga qarshi yashirincha tanqidni ilg‘adim. Ular allegoriya va metafora orqali jamiyatdagi kamchilik va muammolarni tahlil qilgan. Jumladan, qahramoni Pandora nomli sayyoraning (Jeyms Kemeronning “Avatar”iga salomlar!) sirli o‘rmonida adashib qoladigan “Bespokoystvo” qissasida tizim tanqidi kuchaygan. Keyinchalik bu qissa tanqidiy kayfiyati yanada keskinroq bo‘lgan “Ulitka na sklone” romaniga aylantirilgan. Aka-uka yozuvchilar bu romanni o‘zlarining eng mukammal asari deb ta’riflagan. Bu roman meni ham hayratda qoldirdi.

“Mir Poludnya” turkumini o‘qib chiqqach, o‘zbekistonlik mualliflarning shunday qattiq senzura sharoitida qanday ishlagani qiziq bo‘ldi.

Robert Xarris. “Sitseron” turkumi

Ijtimoiy fantastika falsafasidan keyin men biror yengilroq kitobni o‘qishni xohladim. Odatda bunday holatlarda detektiv o‘qiyman — detektiv janri sayoz degan fikrga qo‘shilmayman. Masalan, Den Braunning barcha kitoblarini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Stig Larsonning “Millenium” trilogiyasi juda yoqadi — bu turkum nafaqat qiziq hikoyalarga boy, balki zamonaviy jamiyatdagi ayollarning muammolarini ham yoritib bergan. Robert Xarrisning “Prizrak” nomli siyosiy detektivi mening eng sevimli asarlarimdan biri.

Yaqinda shu muallifning asarlarini yana o‘qishga qaror qildim. Bunda uning rimlik afsonaviy notiq Sitseron haqidagi turkumini tanladim. Uch roman (“Imperium”, “Ochiyeniye” va “Diktator”) Sitseron faoliyati hamda Rimning butun siyosiy va ijtimoiy hayoti haqida hikoya qiladi; nafaqat qiziqarli, balki ibratli ham. Ularni O‘zbekiston amaldorlari o‘qishini istardim. Ehtimol shunda ularning ayrimlari “o‘zim o‘ylab topdim” deb o‘ylagan ayyor noqonuniy ishlari bundan ming yillar avval kashf qilib bo‘lingani va bari yoqimsiz oqibatlar keltirib chiqarishini tushungan bo‘lardi.

Biografiyalar

Vaqti-vaqti bilan taniqli kishilarning tarjimai hollarini ham o‘qib turaman. Ayniqsa sportchi va ijodkorlar hayoti qiziq. Bularni boshqa kitoblar orasida, o‘zimni chalg‘itish uchun o‘qiyman. Shu bilan birga o‘zim uchun ko‘p foydali narsalarni topaman.

Fil Naytning “Prodavets obuvi” (sotib olish), Mariya Sharapovaning “Neuderjimaya” va Jon Jonni Rotten Laydonning “Rotten. Vxod vospreyen” avtobiografiyalarini bir nafasda o‘qib chiqdim. Birinchisi, oddiy bir kichik g‘oyadan sport kiyimlari bozoridagi eng yirik brend — Nike qanday paydo bo‘lgani haqida; ikkinchisi, 8 yoshli tennischi va uning otasi cho‘ntakda 700 dollar bilan AQShga ko‘chib o‘tib, qanday qilib jahonshumul muvaffaqiyatga erishgani haqida; uchinchisi, Britaniyaning mashhur “Sex Pistols” pank-rok guruhi haqida.

Dastlabki ikki kitob succyess story (muvaffaqiyat tarixi) bo‘lib, unda qahramonlar o‘z orzulari yo‘lida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. Ayni vaqtda, bu hikoyalardan har qanday muvaffaqiyat ortida omad ham turishini bilib olish mumkin. Qancha harakat qilsangiz ham hech muvaffaqiyatga erisha olmayotgan bo‘lsangiz, bilingki, sizga faqat ozgina omad yetishmayapti, xolos.

Uchinchi kitob esa musiqa va ayniqsa rok ixlosmandlari uchun. Yoshligimdan pank-rok va pank madaniyatiga qiziqqanman. Ko‘p ham iqtidorli bo‘lmagan londonlik yigitlar bor-yo‘g‘i bir necha yil (1975−1978) faoliyat olib borgan “Sex Pistols” guruhini tashkil qilib, birgina musiqiy albom bilan jahon musiqa sanoatini o‘zgartira olgani menga juda qiziq ko‘ringandi. Ushbu yorqin madaniy fenomen ortida iste’dodli prodyusser Malkolm Maklaren turgani men uchun kutilmagan kashfiyot bo‘ldi.

Hamma, avvalo yoshlar o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar

Shu o‘rinda yana bir savolga javob bermoqchiman: nega badiiy adabiyot o‘qish kerak? An’anaviy ta’lim tizimi odamni bilimli va ziyoli qilishi mumkin, lekin aqlli va dono qila olmaydi, deb o‘ylayman. Haqiqiy aqlli odamlarni badiiy asarlarni mutolaa qilish (nafaqat kitob o‘qish, balki musiqa tinglash, kino tomosha qilish, rassomlarning asarlarini ko‘zdan kechirish va hokazolar) orqali tarbiya qilish mumkin. Aqlli odamlar bilan muloqot ham shu jumladan — buni mutolaa bilan tenglashtirsa bo‘ladi.

Quyida faqat badiiy asarlar. Ro‘yxat reyting va mantiqsiz tuzilgan. Yana bir bor turkumlardan boshlaymiz:

  • Andrey Platonov (“Chevengur”, “Kotlovan”). Ushbu muallif eng noyob til uslubi egasi. Insonning chuqur kechinmalarini hech kim Platonovchalik o‘quvchiga yetkazib bera olmasa kerak. Iosif Brodskiy uni XX asrning eng ajoyib yozuvchilaridan biri, deb atagan. Syujet uslubdan ko‘ra muhimroq deb o‘ylaydiganlarga tavsiya qilaman.
  • Jon Tolkiyen (“Uzuklar hukmdori” (sotib olish), “Xobbit” (sotib olish)). Klassik epik fentezi. Oksford filologi tomonidan o‘ylab topilgan bu hikoya adabiyot, kino, kompyuter o‘yinlari va butun dunyo madaniyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatgani hayratlanarli. Ba’zilar bu asarni jahon urushlariga qiyos va siyosiy tahlil sifatida ko‘radi. Men uchun esa bu “eng kichkina” odamning irodasi “eng katta” yovuzlikni yengishi haqida qissa. Bu kitoblarni “Pesn lda i plameni” (“Taxtlar o‘yini”)ni eng yaxshi fentezi asar deb o‘ylaydiganlarga tavsiya qilaman.
  • Erlend Lu (“Naivno. Super”, “Doppler”). Men naiv (sodda) san’atni yaxshi ko‘raman. Chunki sodda tilda murakkab narsani tasvirlash juda qiyin. Lu esa buning ustasi. Uning romanlari oddiy hikoyalar, oddiy dialoglardan iborat bo‘lib, ularda hech qanday hayajonga soladigan voqealar ro‘y bermaydi. Ammo ular oddiy hayotiy hikoyalarda eng chuqur kechinmalar yashiringanligini ko‘rsatadi. Bu kitoblarni murakkab narsani oddiy tilda aytib bo‘lmaydi, deb o‘ylaydiganlarga tavsiya qilaman.
  • Fredrik Bakman (“Trevojnыye lyudi” (sotib olish), “Medvejiy ugol” trilogiyasi (sotib olish)) juda insonparvar, personajlariga empatiya, mehr va chuqur hamdardlik bilan to‘la romanlar muallifi. U inson bo‘lish qanchalik qiyin ekanligi, ayollar muammolari, toksik “erkakchilik” haqida yozadi. Bu kitoblarni zo‘ravonlikni qandaydir sabablar tufayli oqlab bo‘ladi, deb o‘ylaydiganlarga tavsiya qilaman.
  • Chingiz Aytmatov (“Qiyomat” (sotib olish), “Asrga tatigulik kun” (sotib olish)). Muallif qadimiy qirg‘iz rivoyatlarini sovet davrining dolzarb masalalari bilan mohirona uyg‘unlashtira olgan. Shu tariqa insoniyat haqidagi chuqur falsafiy mulohazalarga murojaat qilgan. Bu kitoblarni faqat kartina va haykallargina monumental bo‘la oladi, deb o‘ylaydiganlarga tavsiya qilaman.
  • Asosiy uch utopiya (Jorj Oruyell, “1984” (sotib olish); Oldos Xaksli, “Ajib yangi dunyo” (sotib olish); Yevgeniy Zamyatin, Biz”). Bu asarlar nima haqida ekanini qisqacha yozish qiyin masala. Lekin bir so‘z orqali tasvirlash mumkin — erkinlik. O‘zini erkin mamlakatda yashayapman, deb o‘ylaydiganlarga tavsiya qilaman.
  • Chak Palanik (“Boysovskiy klub” (sotib olish), “Uselevshiy”, “Udushe”). Adabiyotga jiddiy ishtiyoqim Palanikning romanlaridan boshlangan. Uning ta’sirida bir vaqtlar o‘zim ham yozib ko‘rganman. Provokatsion mavzular, qora yumor va zo‘ravonlik sahnalari uni boshqalardan keskin ajratib turadi. Lekin bu shunchaki uslub. Uning romanlarida asosiy leytmotiv o‘zlikni izlashdir. Shuning uchun o‘zligini izlayotganlarga tavsiya qilaman.

Endi esa turkumlar emas, alohida asarlar haqida:

  • Ҳарпер Li, Mazaxchini o‘ldirish”. Ushbu kitob 1930-yillarda AQShdagi irqiy diskriminatsiya va segregatsiya haqida. Romandan xulosa shuki, adolat qonunlari tabiat qonunlaridek o‘zidan o‘zi ishlayvermaydi, ular odamzodning istagi va irodasiga ko‘ra mavjuddir.
  • Haruki Murakami, “Norvejskiy les”. Ushbu melanxolik roman 1960-yillarda Yaponiyadagi ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar fonidagi sevgi, yo‘qotish, yolg‘izlik va katta hayotga o‘tish mavzularini tadqiq etadi.
  • Jerom Selinjer, Nad propastyu vo rji”. Begonalik tuyg‘usi, umidsizlik va ulg‘ayish muammolaridan qattiq tashvishda bo‘lgan o‘smir hikoyasi. Ruhan o‘zimga juda yaqin roman.
  • Frans Kafka, Evrilish”. Insonning o‘zligini izlash haqida yana bir roman. Ushbu kitob o‘zini yolg‘iz his qiladiganlar yoki xuddi shunday his-tuyg‘ularga ega bo‘lgan yaqinini tushunishni xohlaydiganlar uchun terapiya bo‘lishi mumkin.
  • Viktor Pelevin, “Chapayev i Pustota”. Yorqin dialog va kutilmagan syujetga ega postmodernistik roman. 1990-yillar o‘rtalarida yashagan rus shoiri Pyotr Pustota o‘tmishga tushib qolib, fuqarolar urushi qahramoni Vasiliy Chapayev bilan uchrashadi va u bilan frontga jo‘nab ketadi.
  • Vladimir Sorokin, “Goluboye salo”. Yana bir postmodernistik va juda provokatsion roman. Parallel hayot, absurdlik, tillar, uslublar va janrlarning qo‘shilishi. Murakkab rus klassikasini o‘qib zerikkanlar uchun ayni muddao.
  • Alan Mur, “Xraniteli”. Ushbu grafik roman (komiks) bizga tanish bo‘lgan superqahramonlarning obrazlarini, murakkab ahloqiy dilemmalarni o‘rganish orqali, dekonstruksiya qiladi. TIME jurnali “Xraniteli”ni XX asrning ingliz tilidagi 100 ta eng yaxshi kitoblari ro‘yxatiga kiritgan. Komikslarni faqat bolalar uchun deb hisoblaydiganlarga tavsiya qilaman.
  • Kurt Vonnegut, “Boynya nomer pyat”. Ikkinchi Jahon urushi paytida Drezdenning fojiali bombardimon qilinishi fonida urushning ma’nosizligi va insoniyat azoblari haqida kuchli va ta’sirli hikoya. OAV urushni romantiklashtirishda davom etayotgan bizning davrimiz uchun ibrat bo‘la oladigan asar.
  • Entoni Byordjess, “Zavodnoy apelsin” (sotib olish). Murakkab savollarni yuzaga chiqaradigan, iroda erkinligi haqidagi afsonaviy roman. Ezgulikni majburlab ta’qib qilsa bo‘ladimi? Tabiiy yovuzlik yaxshimi yoki sun’iy yaxshilik?
  • Jeyms Joys, “Uliss” (sotib olish). Ehtimol, barcha davrlarning, ayniqsa XX asrning eng muhim, eng nufuzli va jahon adabiyotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan romani. Men bu roman haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘rganib chiqmaguningizgacha uni o‘qishni boshlamaslikni tavsiya qilaman. Kitobdagi voqea atigi bir kun davom etsa-da, uni o‘qib tugatishimga qariyb bir yil kerak bo‘ldi. Jahon adabiyotidagi eng ajoyib va g‘aroyib sarguzasht.