Yandex Go taksi xizmati Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida ish boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmat Spot`ga ma’lum qildi.

Xizmat ilovasi orqali unda kerakli manzilni tanlab, shaharning istagan nuqtasiga yetib olish mumkin. Servis foydalanuvchining joylashuvini o‘zi aniqlaydi va tez yetib keladigan haydovchini topadi. Yo‘l haqi narxi 3000 so‘mdan boshlanadi.

“Ilovada avtomobilga buyurtma berilgandan so‘ng darhol modeli, avtomobil raqami va kutish vaqti ko‘rsatiladi. Shuningdek, ilova orqali tezda bog‘lanish mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash xizmati mavjud”, — deydi Yandex Go`ning mintaqaviy menejeri Mirzohid Solihov.

Yo‘l haqining maksimal narxi foydalanuvchilarga mashinaga buyurtma berish vaqtida ma’lum bo‘ladi — buning uchun ilovaga borish manzilini kiritish kerak.

Agar haydovchi yo‘lni ta’mirlash tufayli yo‘nalishdan chetga chiqishi kerak bo‘lsa, narx o‘zgarmaydi. Shuningdek, yo‘l haqini naqd pul va karta orqali to‘lash mumkin.

Yandex Go O‘zbekistonda 2018-yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Xizmat bungacha to‘qqizta shaharda: Toshkent, Farg‘ona, Marg‘ilon, Namangan, Andijon, Samarqand, Qo‘qon, Buxoro va Nukusda ishlayotgandi.

Yandex Go`ning o‘z haydovchilari va mashinalari yo‘q. Xizmat mahalliy tashuvchilar bilan hamkorlik qiladi.