O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ikki bloger — Sanjar Ikromov va Sherali Komilov qidiruvga berilganiga izoh berdi. Bir kun avval “Gazeta.uz” va boshqa OAV tomonidan bu haqdagi xabar e’lon qilingandi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, 2011-yil 1-mart kuni Sanjar Xo’ja nomi bilan tanilgan Sanjar Ikromov (1988-yilda tug‘ilgan) fuqaro F.X.ga avtomashinalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishini aytib, Sergeli mashina bozoridan arzon narxda Nexia olib berishni va’da qilgan. U jabrlanuvchidan 20 mln so‘m pullarini aldov yo‘li bilan undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan, — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan 2012-yil 31-mart kuni Olmazor tumani IIB tomonidan ko‘p miqdorda firibgarlik (Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, gumondor esa tergovdan yashiringani sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Sherali Komilov (Detectiv Uz) 2011-yilda Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) va 2022-yil 14-martda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (Ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan sudlangan.

“U tuzatish yo‘liga o‘tmasdan, jinoiy harakatlarini davom ettirdi”, — deyiladi IIV xabarida.

Qayd etilishicha, u 2021-yil 6-iyun kuni fuqaro Sh. S.ga (ayol) o‘zini mustaqil jurnalist va bloger deb tanishtirgan. Ayolning o‘g‘li (1999-yil) Sh. A.ga nisbatan Koson tumani jinoyat ishlari sudining Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi “b” bandi (Yaqin qarindoshiga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) hamda 137-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari (Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib odam o‘g‘irlash) bo‘yicha hukmini ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilishini aytgan.

Bloger shu tariqa sun’iy shov-shuv ko‘tarib, sudning keyingi instansiya qarorlariga ta’sir o‘tkazib, jazoni yengillashtirib berishni va’da qilgan, hamda jabrlanuvchidan 5 mln so‘m miqdorda pul undirib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan, deyiladi xabarda.

IIV uning 2021−2022-yillarda ishtirokida yana uchta faktni taqdim etdi — 5 million so‘m evaziga aliment undirishga yordam berish va’dasi, 3 million so‘m va 300 dollar evaziga uy-joy masalasini hal qilish, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali Qarshi shahri IIB xodimlarini “sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilish”.

Sherali Komilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan firibgarlik) va 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

U jinoyat ishlari doirasida xavfli retsidivist, deb topilib, tergov organlaridan yashiringani sababli qidiruv e’lon qilingan, deb xabar qildi IIV.