Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida 4,3 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Tumanning “Kamolot” mahallasida faoliyat yurituvchi “D.G'.S” MCHJ mansabdorlari va boshqalar “Pastdarg‘omtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining ruxsatisiz, shartnoma tuzmasdan tijorat maqsadida ohak ishlab chiqarish sexini tashkil qilgan. O‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib olib, noqonuniy ravishda foydalanib kelgan.

Bu orqali sex davlatga 4,3 mlrd so‘m zarar yetkazgan. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda iyul oyida 28,2 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘lgandi. Bunday holatlarning eng ko‘pi Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.