Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 2023-yil 10-avgustdagi buyrug‘i asosida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki buzilganlari o‘rniga yangi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berishda undiriladigan to‘lovlar stavkalariga o‘zgartirish kiritildi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga IIV matbuot xizmati tasdiqladi.

Xususan, 1-noyabrdan quyidagi miqdordagi to‘lovlar kuchga kiradi:

  • avtotransport vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari (RO‘DRB) uchun — bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 3,5 baravari miqdorida;
  • mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalarga (yarim tirkamalar) raqamlar uchun — BHMning 1,75 baravari miqdorida;
  • tranzit raqamlar uchun — BHMning 25 foizi miqdorida;
  • yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft raqamlar o‘rniga yangi raqamlar berish uchun — BHMning 3,5 baravari miqdorida;
  • yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona raqam o‘rniga yangi raqam berish uchun — BHMning 1,75 baravari miqdorida.

Shuningdek, yo‘qotilgan bir dona yoki bir juft raqamlar o‘rniga yangi bir juft raqamlar berish uchun BHMning 3,5 baravari miqdorida undiriladi. Yo‘qotilgan bir dona raqam (mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun) o‘rniga yangi bir dona raqam berish uchun esa BHMning 1,75 baravari miqdori undiriladi.

RO‘DRBni o‘n ikki oy muddatdan so‘ng yana bir yil muddatga saqlaganlik uchun BHMning 1 baravari miqdorida undiriladi. Mehnat organlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli shartlarda taqdim qilingan transport vositasiga raqam berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Hozirda BHM — 330 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta davlat raqami belgilarini berish uchun to‘lov miqdorlari 2011-yilda belgilangan va shundan buyon o‘zgarmagandi.