O‘zbekistonning eng yirik internet nashrlaridan biri hisoblanmish “Gazeta.uz” 11-avgust kuni faoliyatining 15 yilligini nishonlamoqda.

Saytga 2008-yilning ayni shu kuni Afisha Media rahbari Suren Sapov hamda tahririyat bosh muharriri Azamat Atadjanov tomonidan asos solingan.

Nashr shiori sifatida “Yangiliklarimiz xalq uchun” jumlasi tanlangan va u hozirgi kunga qadar sayt faoliyatining asl mohiyatini aks ettirib kelmoqda. Ushbu g‘oya rasmiy ma’lumot manbalari deyarli yagona bo‘lgan vaqtlarda paydo bo‘lgan. Undagi axborotlar esa bir cheklangan, bir tomonlama va ularni tushunish juda mushkul edi.

Qiziq va turfa xil mavzular, sodda va tushunarli talqin, materiallarni chuqur o‘rganish va eksklyuziv kontent tez fursatlarda odamlar e’tiboriga tushdi. “Gazeta.uz” ortidan ko‘plab internet-saytlari ochildi va O‘znet makoni yanada rang-barang bo‘ldi.

Oradan vaqtlar o‘tib, nashr yangiliklardan tashqari kolonkalar, intervyular, tahliliy materiallar tayyorlay boshladi. Ijtimoiy tarmoqlar va video olami rivojlanishi bilan sayt ushbu hududni ham o‘zlashtirdi, hozirgi kunda barcha yirik onlayn-maydonlarda kattadan-katta auditoriyalarga ega.

Bugungi kunda “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlarida o‘nlab xodimlar, shu qatorda nafaqat O‘zbekiston hududida, balki xorijda yashayotgan mustaqil mualliflar faoliyat olib bormoqda.

“Gazeta.uz”ning bir oy davomidagi auditoriyasi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni hisobga olmaganda, 1,7 million atrofidagi unikal foydalanuvchilarni tashkil etadi, saytning o‘zida ko‘rishlar soni — bir oyda 15 milliondan ko‘proq.

“Gazeta.uz”ni ham maktab o‘quvchilari, ham turli sohalar vakillari, ham mamlakat rahbariyati o‘qishadi va bu tahririyat zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.

“Biz “Gazeta.uz”da turli vaqtlarda ishlagan va hozirda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar, shu jumladan, nashrni qiziqarli va talabgir bo‘lishida muhim rol o‘ynayotgan barcha mualliflardan minnatdormiz. Shuningdek, biz o‘quvchilarimizga tashakkur aytamiz, ularsiz bizning ishimizning ma’no-mazmuni bo‘lmas edi”, — dedi Azamat Atadjanov.

Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!