Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida 21 yoshli ayol O.S. o‘zining yashash uyidagi molxonaning to‘sin qismiga arqondan sirtmoq yasab, unga o‘zini bo‘yin sohasidan osib, o‘z joniga qasd qilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinovning “Gazeta.uz"ga maʼlum qilishicha, holat 15 iyul kuni soat 17:50 larda Intizom MFYdagi xonadonlardan birida bo‘lgan. 2002 yilda tug‘ilgan O.S. o‘zining yashash uyidagi molxonaning to‘sin qismiga arqondan sirtmoq yasab, unga o‘zini bo‘yin sohasidan osib, o‘z joniga qasd qilgan.

Uning otasi Qahramon Yuldashev “Gazeta.uz"ga mazkur holatdan shubhalanayotganini maʼlum qildi. U 2002 yilda tug‘ilgan qizini 2020 yilning sentyabrida Shahrixon tumanidan qo‘shni Oltinko‘l tumaniga 1996 yilda tug‘ilgan yigitga turmushga bergan.

“2021-yilda qizim o‘g‘il farzand ko‘rdi. Nevaram homilaning sakkizinchi oyida dunyoga keldi, ya’ni muddatidan oldin erta tug‘ildi. Shu sababli uni davolatish paytida xarajatlar ko‘paydi. Shundan keyin qudalar o‘rtasiga sovuqchilik tushishni boshladi. Qizim qaynonasi va qaynakasidan ko‘p shikoyat qilardi. Kuyovim esa ko‘p urardi. Buni farzandimning o‘zi aytmasdi, u-bu joyining ko‘karishidan sezardik”, — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, qizi 2022-yil kuzda oilaviy janjal tufayli uch oy davomida ota uyida yashagan.

“Bu vaqt ichida eri, qaynonasi va qaynakasi bir necha marta yalinib kelib, va’da berib olib ketishdi. O‘sha vaqtda oilani ajratib yubormoqchi bo‘ldim. Lekin qizim „yangi hovliga ko‘chib chiqsak, tinch yashab ketamiz, qaynonam va qaynakam janjal qilmaydi keyin“, degan edi. Afsus, farzandim vafot etdi”, — deydi Qahramon Yuldashev.

Otaning qayd etishicha, u qizining hayotdan ko‘z yumganini eshitgan vaqtda chet elda bo‘lgan.

“Anchadan beri Rossiyaga borib ishlab kelaman. 15-iyul kuni yuragim g‘ash edi, qo‘lim ishga bormadi. Kechga yaqin qarindoshlar qo‘ng‘iroq qilib, shunaqa holat bo‘lganini aytdi. O‘sha kuni yarim kechasi Farg‘ona aeroportiga qo‘ndim va to‘g‘ri Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Andijon filialiga bordim. Qizimning jasadini 16-iyul kuni ko‘mdik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Qahramon Yuldashevning so‘zlariga ko‘ra, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Andijon filiali xodimlari tomonidan unga o‘lim haqida dalolatnoma qayd qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma berilgan xolos. Ekspertiza xulosasining to‘liq varianti esa haligacha berilmayapti.

“To‘liq xulosani 15 kundan keyin beramiz deyishgandi, mana 25 kundan beri turli bahonalar bilan vaqt o‘tkazishyapti. Berilgan ma’lumotnomada o‘lim sabablari batafsil qayd etilmagan. Қизимning vafotiga osish, bo‘g‘ish va gaz bilan zaharlab atayin o‘zini-o‘zi jarohatlash sabab sifatida ko‘rsatilgan. Lekin farzandimning o‘zini zaharlashi va jarohat yetkazishiga umuman ishonmayman, bu aqlga sig‘maydigan ma’lumot. Farzandlarimning barchasini irodali qilib tarbiyalaganman. Olti yil davomida farzandsizlik dog‘ida yurib, qizimni tilab olgandim. U uzoq kutilgan to‘ng‘ich farnzandim edi”, — deydi ota.

Uning ta’kidlashicha, marhuma badanining bir qancha qismida ko‘karish holatlari bo‘lgan.

“O‘lim haqida dalolatnoma qayd qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomadagi o‘lim sabablariga nega ishonmayapman? Chunki qizimning jasadini va uning bosh, bo‘yin va qo‘l qismilaridagi ko‘karish holatlarini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Jasadni yuvgan g‘assol ayollar ham qizimning badanlarida ko‘karish borligini aytishdi. Voqea bo‘lgan kuni qaynotam va opam o‘sha xonadonga borgan. Ular qizimning jasadini ko‘rishganida bo‘ynida arqon izlari yo‘q bo‘lgan. Qaynotam uzoq yil shifokor bo‘lib ishlagan. U ham o‘lim sabablariga shubhalanyapti”, — deydi Qahramon Yuldashev.

Otaning aytishicha, u ham qizining o‘lim sabablaridan shubhalanmoqda.

“Mening shubham shuki, qizim kelinlik uyida kuchli kaltaklangan. Shu sabab yarim jon bo‘lgan yoki xushidan ketgach, ular o‘ldirib qo‘ygan yo molxonaga olib kirib, osib qo‘yishgan. Holat uyushtirilgan degan gumondaman. Oltinko‘l tumani va viloyat prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilganmiz. Lekin haligacha natija bo‘lganini sezganim yo‘q, biz bilan bog‘lanishmayapti ham. Adolat bo‘lishini, jinoyatchilar aniqlanishi va qonunan jazolanishini xohlayman. Agar qonunlar ishlamay, jinoyatchilar aniqlanmasa, qizimning qabrini kavlab, jasadani qayta sud ekspertizasidan o‘tkazishgacha boraman”, — deydi u.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki maʼlumotnomasiga ko‘ra, S.O.da bo‘yin aʼzolarini sirtmoq bilan siqilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya, o‘pka visseral plevra varaqlari osti va yurak epikard osti sohalariga qon quyilishi, bo‘yin sohasidagi strangulyatsion egat shilinma, bosh peshona va chap quloq suprasi atrofida shilinma ko‘rinishidagi jarohatlar mavjudligi ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinovning “Gazeta.uz"ga maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan sud-psixologiya ekspertizasi tayinlangan.

Xozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

“Hozirda O.S.ning o‘z joniga qasd qilganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olinmoqda”, — deyiladi prokuratura axborotida.

“Gazeta.uz” vaziyatni kuzatib boradi.