O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Muloqotda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va faol gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

“Ikki mamlakat yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqib, yaqin muddatlarda qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini, O‘zbekiston-Rossiya hududlar, ta’lim va media forumlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, muloqot davomida mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.