9-avgust kuni tushdan so‘ng Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasining Qozog‘istondagi domeni — yandex.kz mamlakatda vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Tengrinews.kz nashrining ma’lum qilishicha, kompaniya xizmatlaridan foydalanishda muammolar Ostona, Olmaota, Qarag‘anda, Chimkent va boshqa shaharlarda kuzatilgan.

Raqamli rivojlanish vazirligining tushuntirishicha, “Internet-resursni Qozog‘iston Respublikasi hududidan tashqarida apparat va dasturiy ta’minot tizimlariga joylashtirgani uchun” domen faoliyati to‘xtatilgan.

Vazirlik, shuningdek, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining joylashuvi, Qozog‘iston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish choralari, “huquqni muhofaza qilish va maxsus idoralar bilan qanday hamkorlik qilish kerakligi” haqida “batafsil ma’lumot” olish uchun “Yandeks” bilan bog‘langanini bildirdi.

Shuningdek, vazirlik “Yandeks.Taksi” xizmati foydalanuvchilarning Rossiyadan tashqaridagi safarlari haqidagi ma’lumotlarga Rossiya maxsus xizmatlarining kirishi haqidagi ma’lumotlarni rad etadi.

“Yandeks” keyinroq RBKga yandex.kz domeni “mahalliy registrator tomonidan uzib qo‘yilganini” tasdiqladi. Kompaniya Qozog‘istonda “oylik auditoriyasi taxminan 10 mln kishini tashkil etuvchi” xizmatlarning mavjudligini tiklash ustida ish olib borayotganini aytdi.

Keyinroq kompaniya sayt va xizmatlar odatdagidek ishlayotganini ma’lum qildi. “Biz Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligi talablari doirasida zarur yechimlarni ishlab chiqish maqsadida regulyator bilan muloqotni davom ettirmoqdamiz”, — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Meduza “Yandeks Go”ning nafaqat Rossiya, balki xorijdagi foydalanuvchilari ma’lumotlari ham endilikda faqat Rossiya data-markazlarida saqlanishi haqida yozgan edi. 1-sentabrdan boshlab, Rossiyaning yangi qonuniga ko‘ra, FSB dastur ma’lumotlariga kechayu kunduz kirish huquqini olishi kerak.

“Yandeks Go” — bu “Yandeks”ning taksi, taom, oziq-ovqat mahsulotlariga buyurtma berish, buyurtmalarni yetkazib berish, avtomobillarni ijaraga olish va transport jadvallarini ko‘rish uchun mo‘ljallangan ilovasi. U “Yandeks.Taksi” bazasida yaratilgan. Xizmat Gruziya, Estoniya, Norvegiya, Finlyandiya, Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi o‘nlab mamlakatlarda mavjud.

“Yandeks.Taksi” Rossiya huquq-tartibot idoralari xizmatga so‘rov orqali foydalanuvchilarning Rossiyadan tashqaridagi safarlari haqidagi ma’lumotlardan foydalana olmasligiga ishontirdi.

“Safar ma’lumotlarini faqat mahalliy qonunlarda belgilangan tartiblarga muvofiq safar qilingan mamlakatning huquq-tartibot idoralari olishi mumkin: Rossiya qonunchiligi ham, boshqa mamlakatlarning qonunchiligi ham shunday ishlaydi. 1-sentabrdan boshlab taksi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirganidan keyin bu mantiq o‘zgarmaydi”, — deya kompaniyaning javobidan iqtibos keltiradi RBK.

2021-yilda “Yandeks” Spot nashriga “Yandeks Go” O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qonun talabiga binoan O‘zbekistondagi serverlarga joylashtirgani haqida xabar bergan edi.