8-avgust kuni soat 01:30 atrofida Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida chaqaloq qarovsiz tashlab ketilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Tungi xizmatga jalb etilgan viloyat IIB PPX bataloni tumanlararo bo‘linmasi safdor xodimi Shahzod Saidov va tuman IIB profilaktika inspektori katta leytenant Habib Abdurahmonov tuman markaziy kasalxonasining travma punkt binosi orqa tomonidan o‘tayotganida chaqaloq yig‘isini eshitgan. Shu atrofni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirishganida devor yonida yashil rangli paket ichida o‘g‘il bola jinsiga mansub, taxminan 3−5 kunlik sog‘lom holatdagi chaqaloq borligi aniqlangan.

Shu paytning o‘zida chaqaloqni IIO xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limiga olib borgan. Unga zaruriy birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, soha mutaxassislari nazoratiga olingan.

Holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida chaqaloq 4-avgust kuni yashash xonadonida hech qanday tibbiyot xodimlarisiz soat taxminan 08:00 atrofida dunyoga keltirilgani va onasi — 1995-yilda tug‘ilgan, Qorako‘l tumani “Mirob” mahallasida yashovchi B.Z. ismli ayol uni 7-avgust kuni soat 21:00 atrofida tashlab ketgani ma’lum bo‘lgan.

Hozirgi paytda holat hamda uni keltirib chiqargan sabab va omillarni aniqlash yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.