O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Pokiston bilan harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish bo‘yicha qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi.

Bitim 2022-yil 3-mart kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston prezidentining Pokistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan. 2023-yil may oyida O‘zbekiston Qonunchilik palatasi, iyun oyida esa Senat mazkur shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi.

Avvalroq senatorlar qonunni ma’qullar ekan, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy hamkorlik ikki davlat qurolli kuchlarining mudofaa salohiyatini oshirish va mintaqaviy xavfsizlik asoslarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidlagan.