Qozog‘istonning Magnum Cash & Carry kompaniyasi O‘zbekistondagi Carrefour do‘konlari tarmog‘iga egalik qiluvchi Majid Al Futtaim Uzbekistan aksiyalarining 100 foizini sotib olish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Bu haqda Spot nashri tarmoq matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.

Shartnoma shartlariga muvofiq, O‘zbekistondagi Carrefour do‘konlari qisqa muddatga yopiladi va Magnum brendi ostida qayta ochiladi.

“Magnum bitim yopilgach va barcha me’yoriy talablar bajarilgandan keyin Majid Al Futtaim faoliyati ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritadi”, — deyiladi xabarda.

Magnum 2007-yilda tashkil etilgan. Hozirda ko‘p formatli oziq-ovqat chakana savdo tarmog‘ining Qozog‘istonda 234 ta va O‘zbekistonda 2 ta do‘koni bor.

“Magnum O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritishda davom etishni, savdo maydonchalarini faol rivojlantirishni, yangi ish o‘rinlarini yaratishni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatishni yaxshilashni va o‘z ishlab chiqarishini rivojlantirishni rejalashtirmoqda”, — deya qayd etdi kompaniya.

Tashkilotning Qozog‘istonda 13 mingdan ortiq va O‘zbekistonda esa 350 nafar xodimi bor. Endi Magnum jamoasiga O‘zbekistondagi Carrefour do‘konlari xodimlari ham qo‘shiladi.

“Majid Al Futtaim Uzbekistan va Magnum Cash & Carry ishchilar, yetkazib beruvchilar, barcha manfaatdor tomonlar uchun muammosiz o‘tishni ta’minlash va mavjud mijozlar uchun noqulayliklarni minimallashtirish uchun yaqindan hamkorlik qilish niyatida”, — deyiladi xabarda.

Bitim tugagandan so‘ng, do‘konlar assortiment va reklama takliflarini yangilash uchun qisqa muddatga yopiladi.

2019-yil oktabr oyida Majid Al Futtaim bilan Toshkentda yetti super va gipermarketni ochish to‘g‘risida bitim imzoladi, ularni Akfa egalik qiladigan obyektlarga joylashtirish rejalashtirilgandi.

Carrefour tarmog‘i O‘zbekistonga 2020-yilda kirib kelgan, birinchi supermarket Toshkentdagi Qoratosh ko‘chasidagi binoda ochilgan. Keyin Compass, Atlas va Samarqand Darvoza savdo markazlarida supermarketlar ochilgandi.